Obama: Namoyishchilarni tushunaman

  • Amerika Ovozi

"Chiqishlar moliyaviy tizimga bo’lgan ishonchsizlikdan dalolat"

"Chiqishlar moliyaviy tizimga bo’lgan ishonchsizlikdan dalolat"

Prezident Obama Oq uyda matbuot anjumani o’tkazib, iqtisodiyot va AQShning qator shaharlarida avj olgan namoyishlar haqida so’zladi.

U Kongressdagi muxolif respublikachilardan ish o’rinlarini yaratishga doir loyihani ma’qullashni so’ramoqda.

Prezidentning 447 milliard dollarlik rejasini respublikachilar keraksiz xarajat, deya tanqid qilmoqda.

Nyu-York va Amerikaning boshqa shaharlarida iqtisodiy tanazzuldan to’ygan, barcha balolarda banklarni ayblayotgan omma bir necha kundan beri namoyish qilmoqda.

Prezident Obama saylovlarga tayyorgarlik ko’rar ekan, mamlakat bo’ylab aylanib, siyosatini aholiga tushuntirish bilan band. Ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, uning reytingi ancha tushib ketgan. Respublikachi nomzodlar uni tanqid qilar ekan, prezident ham bo’sh kelmayapti.

AQSh va Yevropa iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirar ekan, ish o’rinlarini yaratishga qaratilgan dastur juda muhim, deydi u.

"Ekonomikaga turtki kerak. Hozir siyosiy o’yinlarning mavridi emas, bu juda ham jiddiy masala. Yevropadagi moliyaviy inqiroz zaiflashgan iqtisodiyotimizga qattiq ta’sir qilishi mumkin", - deydi Barak Obama.

Kongressda Vakillar Palatasini nazorat qilayotgan respublikachilar prezident taklif etayotgan qonun loyihasini ovozga qo’ymoqchi emas. Senatda esa ko’pchilik demokratlar. Ular loyihani kelasi hafta ko’rib chiqmoqchi.

Obama: Namoyishchilarni tushunaman

Obama: Namoyishchilarni tushunaman

Prezident muxolifatdan yaxshiroq takliflar bo’lsa, o’rtaga tashlashni so’ragan. Qonun loyihasiga qarshi ovoz beradigan qonunchilar saylovchilar oldida javobgardir, deydi u.

Respublikachilarning Senatdagi sardori Mitch Makkonnell esa prezident va demokratlarni maslahat qilmayotganlikda ayblayapti.

"Demokratlarda eski toz, eski hammom. O’sha, o’sha eski gaplar. So’nggi yillarda ulardan yangi gap chiqqani yo’q", - deydi senator.

Nyu-York va boshqa shaharlarda ishsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklardan norozi fuqarolar namoyish qilar ekan, prezident Obama fikricha, chiqishlar moliyaviy tizimga bo’lgan ishonchsizlikdan dalolat beradi.

"Bu namoyishlarda Amerika xalqining noroziligini ko’rish mumkin. O’tgan asrning 30-yillaridagi inqirozdan keyingi yirik krizisga yuz tutyapmiz. Shunga qaramay bizni shu ahvolga yetaklagan odamlar hali ham moliyaviy tizimni boshqarmoqda", - deydi Obama.

Uning aytishicha, Yevropa rahbarlari qit’adagi moliyaviy muammolarni hal etishda hamkorlik zaruratini yaxshi tushunadi. Kelasi oy Fransiyada Katta Yigirmalik guruhi sammiti oldidan ular aniq reja bilan chiqishlari kerak, deydi Obama.

AQSh rahbari nazarida Xitoy milliy valyutasi yuan kursini nazorat etish bilan global savdo tizimini o’z foydasiga ekspluatatsiya qilmoqda. AQSh Senati bunday amaliyotga chek qo’yish maqsadida yangi qonun qabul qilib, bu kabi siyosat boshidagi davlatlar mahsulotlariga tariflar kiritmoqchi.

Obama: Namoyishchilarni tushunaman

Obama: Namoyishchilarni tushunaman

Matbuot anjumanida prezident Obama Afg’onistondagi vaziyatga ham to’xtaldi. Jumladan Pokistonni al-Qoidaga qarshi kurashda muhim hamkor deb atab, uning yordamisiz ko’p ishlarga erisha olmagan bo’lar edik, dedi.

Ammo shu bilan birga, deydi Obama, Pokiston AQShning Afg’onistondagi maqsadlariga munosabatini oydinlashtirishi lozim.

Bu boradagi mavhumlik, deydi prezident, Amerika xavotiriga sabab bo’lmoqda. Xususan Pokiston razvedkasining Haqqoniy jangari guruhiga aloqadorligi haqidagi ma’lumotlar.

"Pokiston armiyasi va razvedkasining ayrim shaxslar bilan aloqasi borligiga shubham yo’q. Bu tashvishlanarli hol. Bu haqda bir necha bor ochiq gapirganman", - deydi Obama.

Uning aytishicha, Pokiston AQSh va xalqaro kuchlar Afg’onistonni tark etganidan so’ng ta’sirini oshirish maqsadida ikki tomonga o’ynamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG