Obama ayol va erkak teng mehnat uchun teng maosh olsin deydi

  • Amerika Ovozi

Obama mehnatkash ayollar davrasida ish joylaridagi jinsiy notenglikka qarshi qabul qilingan farmonga imzo chekmoqda, Vashington, 8-aprel, 2014-yil.

Obama mehnatkash ayollar davrasida ish joylaridagi jinsiy notenglikka qarshi qabul qilingan farmonga imzo chekmoqda, Vashington, 8-aprel, 2014-yil.

AQSh prezidenti Barak Obama ayollar mehnati uchun teng haq to’lash masalasida yig’in o’tkazib, shu mavzuda qabul qilingan ikki farmonga imzo chekdi.

Mehnatkash ayollar davrasida gapirgan prezident ish joylarida erkaklar va ayollar o’rtasidagi tengsizlik hamon saqlanib qolayotganini ta’kidladi.

“Bugun to’liq stavkada ishlovchi o’rtacha ayol xuddi shunday ishni bajaruvchi erkak kishi topadigan bir dollarning 77 sentini olyapti. Qora tanlilar va ispanzabon ayollarga bundan ham kam to’lanadi. 2014-yil uchun qabul qilib bo’lmas holat. Bu nafaqat adolat masalasi, balki, shuningdek, oilaviy va iqtisodiy muammodir. Chunki ayollar bizdagi jami ishchi kuchining yarmini tashkil etadi”, - dedi Obama.

Prezident imzo chekkan farmonlardan biri federal hukumat uchun ishlovchi kompaniyalarga ish haqi masalasini ko’taruvchi ishchilarga qarshi chora ko’rishni taqiqlaydi. Ikkinchi buyruqda federal hukumat uchun ishlovchi kompaniyalardan etnik kelib chiqishi va jinsi bo’yicha ishchilarga beriladigan maoshlar haqida Mehnat vazirligiga hisobot topshirish talab qilinadi.

Ayni paytda Kongressda erkaklarga nisbatan ayollarga kamroq haq to’lovchi kompaniyalarni sudga berish jarayonini osonlashtiruvchi qonun loyihasi muhokama qilinmoqda.

Demokratlar partiyasi mehnat haqi olish bo’yicha erkaklar va ayollar o’rtasidagi tengsizlikni saylov kampaniyasida ham ko’tarib chiqish niyatida.

“AP” axborot agentligining xabar berishicha, biznes guruhlari manfaatlarini himoya qiluvchi respublikachilar ish haqiga oid qonunga qarshi ovoz berishi kutilyapti. Qonun shu hafta ovozga qo’yilishi rejalangan.

Respublikachilar 2010 va 2012-yillarda ham xuddi shunday mazmundagi qonunlarning qabul qilinishiga yo’l qo’ymagan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG