AQShda sog’liqni saqlash islohoti haqidagi qonun Oliy sudda

  • Amerika Ovozi

Obamaning sog'liqni saqlash sohasidagi islohotiga qarshi norozilik namoyishlari

Obamaning sog'liqni saqlash sohasidagi islohotiga qarshi norozilik namoyishlari

Amerika sog’liqni saqlash tizimini isloh qilish haqidagi qonun konstitutsiyaga zidmi? Oliy sud bu masalani ko’rib chiqmoqda.

Bundan ikki yil avval prezident Barak Obama yetakchiligida qabul qilingan bu qonunga qarshilik kuchli, ayniqsa respublikachilar orasida. Sud iyun oyida hukm chiqaradi. Prezident saylovlari natijasiga ta’siri katta bo’lishi aniq.

Prezident Obama sog’liqni saqlash tizimini yangicha usulda yuritish haqidagi qonunni 2010-yil mart oyida, masala bir yil davomida muhokama qilinganidan so’ng imzolagan edi.

Natijada 30 million fuqaro tibbiy sug’urta olish imkoniga ega bo’ldi. Sug’urta kompaniyalari endilikda mijozlarni og’ir kasalligi sabab rad etishi mumkin emas.

AQSh Oliy sudi

AQSh Oliy sudi

Biroq ommaviy so’rovlardan bilamizki, islohot borasida jamiyat fikri ikkiga bo’lingan. Respublikachi senator, shifokor Jon Barrasso qonunni tanqid qilayotganlardan.

Uning fikricha, Obama olg’a surayotgan tibbiy reformalar byudjet kamomadini yanada oshiradi va tibbiy xizmat sifatining pasayishiga olib keladi.

Respublikachilarning asosiy da’vosi shuki, amerikaliklarni 2014-yildan boshlab sug’urta sotib olishga majburlash davlat konstitutsiyasiga zid. 26 shtat sudga shikoyat qilgan. Oliy sud masalani aynan shu jihatdan ko’rib chiqmoqda.

Skott Vavrinchik bemorlarga buyrak dializi bo’yicha xizmat ko’rsatadigan tibbiy kompaniya xodimi.

“Tibbiy sug’urta sotib olish har bir kishining shaxsiy qarori. Bu huquq emas, balki sotib olinadigan xizmat”, - deydi u.

Yaqinda kollejni bitirgan Meron Sued bu fikrga qo’shilmaydi:

“Hozir ish topish juda qiyin. Xodimlarini tibbiy sug’urta bilan ta’minlaydigan kompaniyani topish undan-da qiyin. Mana shu yangi qonun tufayli men hozir ota-onamning sug’urtasidan foydalanyapman, mendaylarga juda qulay”.

Bir yil davom etgan muhokama va tortishuvlardan keyin prezident Obama 2010-yil mart oyida qonunni imzolagan edi.

Bir yil davom etgan muhokama va tortishuvlardan keyin prezident Obama 2010-yil mart oyida qonunni imzolagan edi.

Obama ma’muriyati islohot mazmunini tushuntirib, targ’ibot kampaniyasi olib borayapti. Mana bu reklamada yuragi kasal qizning tibbiy yordam olayotgani haqida so’z boradi:

“Bu qonunni bekor qilishni talab qilayotganlar nimani o’ylayapti o’zi?! Ular ko’plab amerikalikar uchun hayot emas, o’limni tanlayapti”.

Sog’liqni saqlash islohoti Obamaga prezidentlikni qo’lga kiritishda yordam bergan masalalardan biri. Bu yilgi saylovda ham u asosiy o’rin egallaydi.

Oliy sud uni bekor qilsa, bu respublukachilarga qo’l keladi. Kuchda qoldirsa, Obama g’alaba qozondi deyavering.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG