AQSh-Hindiston hamkorligi kengayadi

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Barak Obama Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, Oq uy, 30-sentabr 2014-yil

AQSh prezidenti Barak Obama Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan, Oq uy, 30-sentabr 2014-yil

AQSh prezidenti Barak Obama va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi ikki davlat o’rtasidagi savdo, xavfsizlik, ilm-fan va texnologiya sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirishga kelishib oldi.

30-sentabr kuni Vashingtonda bo’lib o’tgan muzokaralardan so’ng prezident Obama Bosh vazir Modi bilan avvalambor ta’lim va malaka oshirish bobida aloqalarni kuchaytirish lozimligida hamfikr ekanini aytdi. Bu bilan hamon qashshoqlik girdobida yashayotgan ko’pgina hindistonliklar hayotini yaxshilash mumkin, deb hisoblaydi ikki rahbar.

Bosh vazir Modi Hindistonda bundan buyon ham jadal iqtisodiy o’sish va o’zgarishlar davom etajagini aytar ekan, kelasi yillarda AQSh bilan hamkorlik ham kengayishiga ishonch bildirdi. U, shuningdek, Obama bilan Hindiston kompaniyalarining AQSh bozorlariga chiqishi masalasini muhokama qilganini aytdi.

Ikki rahbar, shuningdek, xavfsizlik masalasini, shu jumladan “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi kurashni muhokama qilgan va aksil-terror harakatlarida hamda razvedka xizmatlari orasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga kelishib olgan.

Obama va Modi ebola epidemiyasiga qarshi kurash, Afg’oniston hamda fazoni o’rganish masalalarida ham sherik.

Uchrashuvdan oldin “Vashington Post” gazetasida ikki rahbar AQSh-Hindiston aloqalarida yangi bosqich boshlash vaqti kelganini yozgan edi.

Ular, shuningdek, tinchlik maqsadlarida qo’llaniladigan yadroviy energiya sohasida hamkorlikka to’siq bo’layotgan muammolarni bartaraf etish niyatida.

Modiga ko’ra, u o’tgan yili Balida Jahon savdo tashkilotining vazirlar uchrashuvida muhokama qilingan masalalar atrofida to’xtalgan, xususan, Hindistonning savso-sotiqni rivojlantirishga tayyorligini bildirgan, ammo oziq-ovqat xavfsizligi xavotirlariga javob izlayotganini ta'kidlagan.

Vashington Hindiston o'z iqtisodini xorijiy sarmoyalar uchun ochib bermayotganidan tashvish bildirgan edi.

“Hindiston AQSh sarmoyalaridan hamda texnikaviy hamkorlikdan foyda ko’rmoqda. Ayni vaqtda kuchli, farovon Hindiston AQSh manfaatlariga javob beradi”, deb yozdi ikki rahbar “Vashington Post” gazetasida.

Ular, shuningdek, ayollar huquqlarini himoya qilish, Afrika va Afg’onistonda oziq-ovqat xavfsizligini oshirishda bir yoqadan bosh chiqarib harakat qiladi.

Bundan 10 yil avval AQSh rasmiylari Modiga kirish vizasini bermagan, bunga sabab etib esa uning Gujarat shtatida 1000 musulmon o’limiga turtki bo’lgan mazhablararo zo’ravonliklardagi ishtirokini ko’rsatgan edi. Demak, davr o’zgardi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG