Breaking News

Barak Obama: AQSh Yaqin Sharqda yangi demokratik jamiyatlarni qo'llab-quvvatlaydi


Barak Obama: AQSh Yaqin Sharqda yangi demokratik jamiyatlarni qo'llab-quvvatlaydi
Barak Obama: AQSh Yaqin Sharqda yangi demokratik jamiyatlarni qo'llab-quvvatlaydi

Prezident Barak Obama bugun Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi vaziyat hamda AQShning regiondagi siyosati yuzasidan nutq so’zladi.

Amerikani bu mintaqa bilan bog’lab turgan iqtisodiyot, xavfsizlik, qolaversa tarixiy rishtalarni tilga oldi.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika boshdan kechirayotgan olamshumul o’zgarishlarni, yangilanish davrini olqishlar ekan, Obama “Hukumatlarni islohotga chorlaymiz, zo’ravonlik va repressiyani qoralaymiz”, - deya ta’kidladi.

AQSh rahbari o’z nutqida G’arbda “Arab bahori” deb ta’riflanayotgan tarixiy voqealarga nisbatan Vashington pozitsiyasini ilk bor tushuntirib berdi.

Murojaat AQSh Tashqi ishlar vazirligi, ya’ni Davlat departamentidan qilingani bejiz emas. Vashington shu tariqa diplomatiya ahamiyatiga urg’u bermoqda.

Yil boshidan beri ikki davlatda – Tunis va Misrda – avtoritar rahbarlar xalq isyoni natijasida hokimiyatdan ketdi.

Barak Obamaning qayd etishicha, o’nlab yildan buyon taxtda o’tirgan boshqa hokimlarning ham taqdiri shunday tugasa neajab.

“So’nggi olti oy ichida ro’y bergan hodisalar shundan dalolatki, repressiya va zo’ravonlikka asoslangan siyosat albatta mag’lubiyatga uchraydi. Sun’iy yo’ldosh orqali uzatiladigan telekanallar va internet bugun dunyoga darvoza. Ommaviy sahifalar va raqamli texnologiyalar yangi avlod, yoshlar qo’lida kuchli qurol”, - deydi prezident Obama.

Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi o’zgarishlar AQSh siyosatida qanday aks etadi? Vashington qanday rol o’ynashni maqsad qilgan?

“Qo’shma Shtatlar va dunyo tarixiy voqealarga guvoh bo’lib turibdi. Adolat va erkinlikka talpinayotgan xalqlar tomonida ekanimizni namoyish etishimiz kerak”, - deydi AQSh rahbari.

Bu degani, islohot yo’lini tanlagan ittifoqchilar moliyaviy ko’mak va imtiyozlar bilan siylanadi.

Misr va Tunisga iqtisodiy modernizatsiya, islohot va barqarorlikni ta’minlash uchun katta miqdorda ko’mak ajratish ko’zlangan.

Obamaning aytishicha, AQSh Misrning bir milliard dollar qarzidan kechadi, toki bu mablag’ inqilobni boshdan kechirgan mamlakatning o’zida sarmoya qilinsin, yoshlar uchun mehnat o’rinlari yaratilsin.

Bu hukumatlar byudjet ehtiyojlarini qoplash va iqtisodiy o’sish dasturlari uchun AQSh va xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana bir milliard dollar kredit olishi ham mumkin.

Namoyishlarni qonli ravishda bostirgan Liviya, Yaman va Suriyaning uzoq yillik rahbarlariga esa bosim oshirilmoqda. Prezident Bashar al-Assad va unga yaqin mulozimlarga sanksiya qo’yilgan.

“Al-Assad oldida ikki yo’l turibdi: yo demokratiyani tanlang, yoki yo’ldan qoching”, - deya Obama Suriya rahbariga ochiqchasiga ogohlantirish berdi.

Ammo hokimiyatda qolish uchun o’z xalqiga qarshi urush ochgan - Liviya rahbari polkovnik Muammar Qaddafiydir. Obamaning aytishicha, AQSh va uning ittifoqchilari sa’y-harakati bilan minglab insonning hayoti saqlab qolindi.

“O’z mamlakati ustidan nazoratni boy bergan Qaddafiy hokimiyatda ortiq qola olmaydi. Muxolifat tuzgan muvaqqat organ qisqa vaqt ichida xalqaro hamjamiyat e’tiborini qozondi. Liviya taqdiri liviyaliklar qo’lida”, - deydi prezident.

Siyosatdonlar ta’biricha, Al-Qoida rahbari Osama bin Laden o’ldirilgach, AQSh musulmon dunyosi bilan munosabatlarni yangi sahifadan boshlashga harakat qilmoqda.

Oy boshida Amerika maxsus kuchlari tomonidan Pokistonda yo’q qilingan bin Laden, deydi Obama, shahid emas, balki musulmonlarni G’arbga qarshi qurol ko’tarishga undagan qotil edi.

“U targ’ib etgan nafrat mafkurasining tarafdorlari ozchilik. Chunki begunoh odamlarni o’ldirish bilan hech narsaga erishib bo’lmasligini ko’pchilik allaqachon anglab yetgan”,- deydi prezident.

“Terroristlar o’nlab yil davomida qila olmagan o’zgarishga oddiy odamlar nozo’ravon usullar bilan olti oy ichida erishdi”.

Barak Obama qariyb bir soatlik nutqining oxirida boshi berk ko’chaga kirib qolgan Falastin-Isroil tinchlik muzorakaralariga to’xtaldi.

Uning ta’kidlashicha, bu mojaro 1967 yilgi chegaralar asosida hamda yer almashib, hal qilinishi lozim. Bu degani, yahudiy davlati o'shanda bosib olgan yerlarni qaytarishi zarur.

“Tinchlik o’z-o’zidan bo’lmaydi. Muzokara jarayoni qanchalik mashaqqatli bo’lmasin, uni orqaga surish bilan muammo hal bo’lib qolmaydi. Yechim hammaga ayon: ikki xalq chegarasi aniq belgilangan o’z mustaqil davlatiga ega bo’lib, yonma-yon yashashidan boshqa yo’l yo’q”, - deya bayon qildi Obama.

Shu paytgacha faqat yopiq eshiklar ortida muhokama qilingan bu pozitsiya AQSh tashqi siyosatida katta burilish deya talqin qilinmoqda.

Isroil bunday dangal talabni darhol rad etdi. Falastin ma’muriyati esa arab davlatlari bilan favqulodda yig’ilish o’tkazishni so’ragan.

Obama nazarida, avvalo chegara va xavfsizlik masalasi bo’yicha kelishib olinsa, so’ngra Quddus shahri maqomi hamda falastinlik qochqinlar taqdiri kabi boshqa munozarali mavzularga ham o’tsa bo’ladi.

XS
SM
MD
LG