AQSh Azimjon Asqarovning ishi qayta ko’rib chiqilishi kerak demoqda


AQSh prezidenti Barak Obama ertaga Nyu-Yorkda Qirg’iziston rahbari Roza Otunbayeva bilan uchrashadi.

Iyun oyida qonli voqealarni boshdan kechirgan o’lka parlament boshqaruviga o’tish taraddudida. 10 oktabr kuni saylovlar. AQSh Qirg’izistonni bu borada quvvatlamoqda.

Robert Belyk, AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo’yicha muovini, Nyu-Yorkda, BMT qoshida jurnalistlar bilan suhbatda Obama-Otunbayeva muloqotida nimalar tilga olinishini tushuntirdi.

“Prezident Obama birinchi navbatda Qirg’iziston xalqi va hukumatiga “AQSh sizni bu murakkab davrda yakka qo’ymaydi”, deydi. O’tgan olti oy ichida bu xalq boshidan ko’p narsa o’tdi. Erkin va barqaror jamiyat qurmoqchi ekansiz, Qo’shma Shtatlar bu sa’y-harakatingizni har tomonlama qo’llab-quvvatlaydi”, - deydi Robert Bleyk.

Parlament saylovlarini puxta tashkillashtirish, uning barcha etnik guruhlarning teng ishtirokida, tinch o’tishini ta’minlash uchun AQSh Qirg’izistonga 5 million dollar yordam ajratgan.

Qirg’iziston, deydi diplomat, ham Amerika, ham Rossiya manfaatlari uchun muhim davlat. Qo’shma Shtatlar mintaqada faolroq harakat qilayotganini qisman Kreml bilan aloqalar iliqlashgani bilan izohlash mumkin.

“Markaziy Osiyo respublikalari bilan o’zaro manfaatlar asosida keng hamkorlikka tayyormiz. Ustuvor sohalar esa terrorizmga qarshi kurash, erkinlik va inson huquqlari, energetika va savdo”, - deya sanab o’tadi Robert Bleyk.

Davlat kotibi muovini “AQShning mintaqa xalqlari qay ahvolda yashayotgani bilan ishi yo’q, uning uchun xavfsizlik va bu boradagi hamkorlik birinchi o’rinda” degan tanqidlarni rad etadi.

“Fuqaro huquqlari masalasini regionga har tashrif davomida va rahbarlar bilan har bir uchrashuvda ko’taramiz”, deydi diplomat.

Robert Bleyk etnik nizo qo’zg’atish va militsiya xodimini o’ldirganlikda ayblanib, bir umrga qamalgan o’zbek faoli Azimjon Asqarov ishidan xabardor. “Tergov noxolis, bir qancha qonunlar buzilgan holda o’tganini bilamiz va bu borada qirg’iz hukumatiga o’z munosabatimizni bildirganmiz”, deydi u.

AQSh pozitsiyasi shuki, Azimjon Asqarov ishi qayta ko’rib chiqilishi kerak.

“Otunbayeva ma’muriyatidan”, deydi Bleyk, “jarayon Asqarovning yaqinlariga bosim o’tkazmagan holda, xolis va adolatli olib borilishini so’raganmiz”.

Barak Obama va Roza Otunbayeva ertangi uchrashuvda Manas tranzit markazi haqida ham gaplashishi kutilmoqda. Bishkekda, AQShning Afg’onistondagi harbiy harakatlari uchun muhim bu inshoot yuzasidan tez-tez tanqidlar yangraydi.

Otunbayeva bazani yonilg’i bilan ta’minlashda Rossiya bilan yaqin hamkorlik qilishni taklif qilmoqda, ya’ni Qirg’iziston-Rossiya qo’shma korxonasi bu bilan shug’ullanishini.

Vashington bu taklifga javob berishga shoshmayapti. Yonilg’i ta’minoti ishonchli va xavfsiz bo’lishi shart, deya eslatmoqda xolos.

Qo’shma Shtatlar Qirg’izistonga gumanitar sohada yordam berish maqsadida hozirgacha 50 million dollarga yaqin mablag’ ajratgan.

O’sh va Jalol-Obodda uyi yonib kul bo’lgan aholini qish kelmasdan boshpana bilan ta’minlash dolzarb masala bo’lib turibdi. “Bu borada ko’makni ayamaymiz”, -deydi Robert Bleyk.

XS
SM
MD
LG