Oq uyda ilmiy ko'rgazma

  • Amerika Ovozi

Prezident Obama ilmiy ko'rgazmaning eng jajji ishtirokchilari bilan

Prezident Obama ilmiy ko'rgazmaning eng jajji ishtirokchilari bilan

AQSh Prezidenti Barak Obama mamlakat bo’ylab ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematikani qo’llab-quvvatlash maqsadida qariyb chorak milliard dollar ajratilganini e’lon qildi. Oq uyda o’tgan ilmiy ko’rgazmada prezident yoshlarni bu muhim sohalarga jalb qilishda xususiy sektor ahamiyatiga urg’u berdi.

Prezident Obama ko’rgazmadagi eksponatlarni tomosha qilar ekan, o'quvchilar bilan suhbat qurdi. Skaut qizlar guruhi prezidentga shol yoki bo’g’inlar og’rig’idan aziyat chekadigan bemorlarga kitobni varaqlab beradigan moslamani namoyish qildi.

Nyu-Meksikodan kelgan o’quvchi prezidentga suv o’tlari arzon energiya manbai bo’lishi mumkinligini tushuntirdi.

So’ngra mehmonlar oldida so’zga chiqqan Prezident Obama yosh kashfiyotchilardan hammamiz o’rgansak bo’ladi, dedi.

“Bu yosh olim va injenerlar o’zi o’rganayotgan mavzudan tashqari bizga boshqa saboq bera oladi. Masalan, taxminlarni savol ostiga qo’yishni, nima sababdan u yoki bu narsa aynan shunday ishlaydi, deb qiziqib, uni mukammallashtirishga harakat qilishni o’rgatadi. Shuningdek, doim bilim olishga intilish kerakligini, ixtiro va kashfiyotlarning erta yoki kechi bo’lmasligini yodda tuting, deydi,” - dedi AQSh rahbari.

Bu yilgi ko’rgazmada 30 shtatdagi 40 ta ilmiy tashkilot va to’garakdan kelgan 100 dan ziyod o’quvchi va talaba qatnashdi. Prezident Obama ularni kashfiyotlarni davom ettirishga da’vat etdi. Qo’shma Shtatlar yoshlarni ilmiy innovatsiyalarga ko’proq jalb etishi lozim, deya ta’kidladi.

“Bundan besh yil avval “Kashfiyot yo’lida ta’lim” kampaniyasini boshlagan edik. Maqsad – o’quvch va talabalarga ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika sohalarini o’rgatishda yordamlashish edi. Bugun mamlakatimizning biznes doiralari, o’quv yurtlari va turli jamg’armalari bu dastur uchun yana 240 million dollar ajratishga qaror qilganini sizga mamnuniyat bilan e’lon qilmoqchiman,” - dedi Prezident.

Barak Obama yoshlar mablag’ kam demay ilm-fanni o’rganishda davom etishi kerakligini aytib o’tdi. Mamlakat bo’ylab fan va texnologiyani rivojlantirish uchun yana 1 milliard dollar sarflanishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG