AQSh va Yevropa Ittifoqi: O'zbekiston Xalqaro Qizil Xoch bilan hamkorlik qilsin

  • Amerika Ovozi

Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi - Jenevada asoslangan insonparvarlik tashkiloti. Neytral, biror siyosiy pozitsiyaga ega emas.

Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi - Jenevada asoslangan insonparvarlik tashkiloti. Neytral, biror siyosiy pozitsiyaga ega emas.

Xalqaro Qizil Xoch qo’mitasi O’zbekiston qamoqxonalariga ortiq qadam bosmaslikka qaror qildi. Yaqinda Vashingtonda kechgan davra suhbatida huquq faollari va G’arb rasmiylari bu borada o’z munosabatlarini bildirdi.

Stiv Sverdlov, “Human Rights Watch”ning Markaziy Osiyo bo’yicha vakili:

“Amerika va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga yondashuvida “muloqot” so'zi qayta-qayta tilga olinayapti. Vashington va Bryussel mulozimlari regionga safari paytida buning zaruratini takrorlashdan chachamaydi. Ayniqsa, inson huquqlari yo'nalishida. Men eng murakkab, umidsiz mavzulardan biri O'zbekiston haqida so'ramoqchiman. Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi O'zbekistondagi turmalarga bormay qo'ygani haqida xabaringiz bor. Qo'mita kamdan-kam hollarda bunday qarorga keladi… Hatto Andijon fojeasidan oldin O'zbekistonga jahon hamjamiyatining e'tiborini tortgan mavzulardan biri qiynoqlar edi, surunkali va keng ko'lamli qiynoqlar… Yevropa Ittifoqi 2008-2009-yillarda sanksiyalarni bekor qilganida O'zbekistonda erishilgan salmoqli yutuqlardan biri Xalqaro Qizil Xochga eshiklarning ochib berilgani va "habeas corpus" (odam hibsda saqlanishi uchun sudga asosli dalil taqdim etilishi) joriy etilgani bo'ldi. Muloqot deganda nima nazarda tutiladi? Biror tomon mavjud normalarni keskin buzganida inson huquqlari muammosini eng dolzarb masalalar darajasiga ko'tarish mumkin deganimi? Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashi O'zbekistonda inson huquqlari muammosini yana kun tartibiga olib chiqadimi? Kengash 2010-yilning oktabridan beri bu masalani ko'tarmadi. AQSh va O'zbekiston rasmiylari yillik maslahat uchrashuvida ham bu masala ko'riladimi? 2008-yilda, O'zbekistonga qo'yilgan sanksiyalar avj pallada bo’lgan bir paytda, mamlakatda birdaniga sakkiz kishi ozod qilingan edi. Xo'sh, 2012 va 2013-yillarda O'zbekistonda faqat bir siyosiy mahbus imi-jimida erkinlikka chiqqanini nima bilan tushuntirgan bo'lar edingiz? (“Amerika Ovozi”: Jorj Vashington Universitetidagi bu muhokamadan uch kun o’tib, 19-aprelda O’zbekistonda 1999-yildan beri qamoqda saqlangan adib Mamadali Mahmudov ozodlikka chiqdi.) Bu shaxs vatanni tark etgani va boshqa u yerga oyoq qo'ya olmasligi ham haqiqat-ku. Avval Amerika-O'zbekiston aloqalari ancha ziddiyatli bo'lsa-da, ko'proq natijaga erishilganini tan olasizmi?”

Patrisiya Flor, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo’yicha maxsus vakili:

“Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi O'zbekiston turmalaridan qadamini uzgani haqidagi xabarni chuqur xavotir bilan qarshi oldik. Qiynoqlar inson huquqini poymol qilishning eng og'ir ko'rinishlaridan. Yevropa Ittifoqi O'zbekiston bilan hamkorlik doirasida qonun ustuvorligi bo'yicha loyiha boshlagan va unda jazo choralari muhim o'rin tutar edi. Ishonchim komilki, O'zbekistondan chiqib ketgandan ko'ra mamlakatda qolib, ishlashda davom etib, ko'proq natijaga erishish mumkin. Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi bu davlatdagi faoliyatini to'xtatishga qaror qilganidan men shaxsan afsuslandim. Ishonchim komil, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar bilan inson huquqlari borasida yuritayotgan dialog nodir imkoniyat va barcha muammolarni chuqur muhokama qilish imkonidir. Umuman gaplashmaslikdan ko'ra mana shunday muloqot muhim ta'sir vositasi deb hisoblayman. Yevropa Ittifoqi uchun bu O'zbekiston bilan muomalani saqlab qolish zaruratini yana bir bor eslatadi”.

Linn Treysi, AQSh Davlat departamentida Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomat:

“Biz ham Xalqaro Qizil Xochning O'zbekistondan ketish qaroridan afsusdamiz. O'zbekiston misolida aytish mumkin, bu haqiqatan juda qadrli va hurmatli xalqaro tashkilot… Biz O'zbekiston hukumatini mazkur hamkorlikni qayta tiklash yo'llarini izlashga undaymiz. Xalqaro Qizil Xoch qo'mitasi yana qator boshqa muhim loyihalarni yuritadi va shu orqali O'zbekiston bilan rishtalarni saqlab qoladi degan umiddamiz. Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarimoy jamiyati ana shunday loyihalardan biri. Umid qilamizki, qo'mita O'zbekiston qamoqlariga qaytib, mahbuslar holidan xabar olishda davom etadi. Rasmiy Toshkent bilan muntazam muloqotdamiz va maslahat uchrashuvlarida ochiq-oydin gaplashish imkoniga egamiz. Doim ham fikrimiz bir joydan chiqmaydi, ko'zlangan natijalarga doim ham biz xohlagan sur'atda yetmaymiz. Muhimi, muhokama uchun, O'zbekiston kelajagi va barqarorligi uchun zarur islohotlar davomi uchun eshiklar ochiq. O'rtada fikrlar almashinuvi borligi ahamiyatli”.

Suhbatni ingliz tilida tomosha qiling:

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG