Breaking News

AQSh neft sanoati mamlakatdagi konlarni qazishga ruxsat so'ramoqda


AQSh neft sanoati mamlakatdagi konlarni qazishga ruxsat so'ramoqda
AQSh neft sanoati mamlakatdagi konlarni qazishga ruxsat so'ramoqda

Amerika Neft instituti Kongressdan sanoatdagi cheklovlarga barham berishni so'ramoqda. Aks holda, ular nazarida, mamlakatning xorij yonilg'isiga tobeligi kuchayib, ish o'rinlari qisqaradi. Institut prezident Obamani Kanadadan Amerikaga yirik gaz quvurini uzatish loyihasini ma'qullashga ham chaqirmoqda.

Qo'shma Shtatlar yirik energetik zaxiralarga ega. Mamlakatda hali o'zlashtirilmagan tabiiy gaz va ko'mir konlari bor.

"Saudiya Arabistoni, Rossiya va Xitoydan ko'p. Hatto Eron, Iroq, Liviya va Quvayt resurslarini qo'shib hisoblagandan ham ko'proq", - deydi Amerika Neft instituti prezidenti Jek Jerard.


AQSh energetik xavfsizligini ta'minlash va minglab ish o'rinlarini yaratish uchun mamlakat ichidagi neft va gaz konlarini o'zlashtirish kerak, deydi u.

Tashkilot yaqinda televideniye orqali reklama kampaniyasini uyushtirib, prezident saylovlarida energetika masalasini ham muhim mavzuga aylantirishni taklif etdi. Guruh prezident Obamadan Kanadadan kuniga 700 ming barrel xom neftni Texasdagi neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazuvchi quvur loyihasini ma'qullashni so'ramoqda.

"Masala ijobiy hal bo'ladi, degan umiddamiz. Shunda Amerikada hozirning o'zida 20 ming, 2030-yilga borib yana yarim million ish o'rinlari yaratiladi", - deydi Jek Jerard.

Ekologlar bu taklifga qarshi. Ular fikricha 3000 kilometrlik quvur atrof-muhitga jiddiy zarar ko'rsatadi.

Janubiy Dakotada hindular qabilasi vakili Pet Spirsning aytishicha, Kistoun (Keystone) quvuri yorilib, neft to'kilgudek bo'lsa, ekologiyaga salbiy ta'sir qiladi.

Neft institutiga ko'ra, yetti milliard dollarga baholanayotgan mazkur loyiha dunyodagi eng xavfsiz quvur bo'ladi. Biroq, deydi energetika masalalari bo'yicha mutaxassis Jeffri Stayls, bir tomondan kasaba uyushmalar, boshqa tomondan esa ekologlar bosimiga uchrayotgan davlat rahbariga qaror qabul qilish oson emas.

"Masala yechimini saylovdan keyinga qoldirish eng yaxshi qaror edi, ammo bosim kuchayib, prezident ungacha o'z so'zini aytishga majbur bo'ladi. Ana shunda javob tomonlardan biriga yoqmasligi aniq", - deydi tahlilchi.

Ammo boshqa tarafdan, deydi Stayls, kuchli mahalliy energetik dastur yordamida Amerika o'zini neftni ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar boshiga tushgan geosiyosiy muammo ta'siridan saqlashi mumkin.

"Eron unga qo'yilayotgan xalqaro bosimga javoban Xo'rmuz bo'g'ozini yopishini aytmoqda. Nigeriyadagi namoyishlar sabab esa neft bozori zarar ko'rishi mumkin", - deydi Stayls.

Nigeriyada aholiga yoqilg'i imtiyozlarining bekor qilinishi oqibatida yuzaga kelgan namoyishlar va ish tashlashlar, Eronda iqtisodiy sanksiyalarga qarshi kayfiyatning kuchayayotgani natijasida jahon bozorida neft qimmatlashdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG