Breaking News

Tahlil: AQSh yaqin kelajakda neftga tobelikdan qutuladi


Qo’shma Shtatlar neft va gaz konlarini o’zlashtirishda yetakchi davlatlardan. Bu mamlakat kelasi 20 yilda o’zini yonilg’i bilan to’la ta’minlashga o’tishi kutilmoqda.
Tahlil: AQSh yaqin kelajakda neftga tobelikdan qutuladi/Shohruh Hamro
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:45 0:00
Yuklab oling

Parijda asoslangan Xalqaro energetika agentligiga ko’ra, AQSh bu ketishda Yaqin Sharq neftiga tobelikdan ham qutuladi. Bu o’z navbatida arab davlatlari bilan munosabatlarda katta o’zgarish yasaydi.

AQShda qora oltin ishlab chiqarish hajmi oshib borayotgani global neft bozorida aks-sado bermoqda. Londondan tahlilchi Jon Mitchell bu jarayonlarni yaqindan kuzatib keladi.

“AQShda slanets, tog’ jinsidan gaz va neft olish sanoati oxirgi yillarda juda rivojlanib ketdi. Boylikni qazishning yangi usullari bu sohada inqilob yasamoqda”, - deydi u.

Yer qa’ridan tabiiy gaz va neftni chiqarish uchun quduq ichiga katta bosim ostida kimyoviy eritma yuboriladi. Ammo “gidravlik burg’ilash” deya nomlangan bu texnologiya ekologik xavotirlar sabab Amerikaning ayrim shtatlari va Yevropaning ba’zi davlatlarida man etilgan.

Shunga qaramasdan, Xalqaro energetika agentligi tahlilicha, aynan shu usul sabab 2035-yilga borib importga hojat qolmaydi. Gaz ishlab chiqarish hajmi bo’yicha AQSh Rossiyadan o’zib ketadi.

Energetik xavfsizlik tashqi siyosatni belgilamay qo’yadi, deb hisoblaydi Mitchell.

“Yaqin Sharqdagi tuzumlar hamisha AQSh harbiy yordamiga tayangan. Kelajakda ham bu o’zgarmasa kerak. Ammo regiondagi manfaatlar avvalgidek kuchli bo’lmaydi”.

Amerika energetik tobelikdan qutulsa, Yaqin Sharqda muvozanat o’zgarishi ham tayin. Kristofer Deyvidson - “Shayxlar bilan vidolashuv: Fors ko’rfazida monarxiyalarning qulashi” nomli kitob muallifi.

“Vashington bundan buyon neft eksportyorlari bilan dadilroq, ochiqchasiga gaplasha oladi”, - deydi u.

Masalan, yaqin ittifoqchilardan biri Baxraynda 2011-yildan buyon arab bahori shamoli esib turibdi.

Deyvidsonning aytishicha, neftga boy arab davlatlari ijtimoiy yordamni oshirib, aholi noroziligini bir amallab yumshatishga harakat qilmoqda. Ammo mahsulot eksporti kamaysa, isyonlar avj olishi mumkin.

“Kelasi ikki yil ichida bu monarxiyalar byudjetida muammolar sezila boshlaydi. Shu bilan birga, Suriya va Shimoliy Afrikada davom etayotgan qo’zg’olonlar qo’shni davlatlardagi xalqlarni ruhlantiryapti. Ko’pchilikning avtokratik tuzum ostida yashashga ortiq toqati yo’q”, - deydi Deyvidson.

Suhbatdoshga ko’ra, Fors ko’rfazi davlatlari neft eksportini Osiyoga yo’naltirishi mumkin.

“Ammo farqi shundaki, arab hukumatlari xavfsizlik uchun azaldan G’arbga tayangan. Amaldagi hukmdorlar bilishadiki, Xitoy yoki Osiyo-Tinch okeani davlatlari ularning xavfsizligini ta’minlay olmaydi, bunday kafolat bera olmaydi”.

Tahlilchilarga ko’ra, energiya resurslariga qaramlikdan qutulish AQShning iqtisodiy jabhada raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qiladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG