Neft arzonligi AQSh neft kompaniyalari ishida to'siq bo'lmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning uch shtatida neftni gidravlik freking uslubi bilan qazib olish uchun qonuniy asos yaratilganidan keyin neft kompaniyalari o’rtasida raqobat boshlanib ketdi. Loyihalar oldinga siljishi uchun asosiy to’siq neftning arzonligidir. Yangi texnologiya qimmat, va biznes daromadli bo’lishi uchun qora oltin narxi oshishi kerak.

Indiana shtatining olisdagi Nyu-Harmoni qishlog’i. Ueyn Vulsining neft kompaniyasi ishchilari 1000 metrdan ortiq chuqur qazib, neft izlamoqda.

Tabiiy zaxiralarga boy Nyu-Olbani tekisligi uch shtatni qamrab oladi - Ilinoys, Indiana va Kentuki.

Loyihani boshqarayotgan Din Pattisonning aytishicha, burg’ilash ishlari qanday kechishiga qarab biznes istiqbollari belgilab olinadi.

“Sinov tarzida gorizontal burg’ilash uslubini qo’llayapmiz. Ishimiz o’ngidan kelsa, Nyu-Olbani slanets qatlamlarida izlanishlarni kengaytiramiz”.

Hozirgacha olingan natijalar yomon emas. AQShning neftga boy boshqa hududlari singari bu yerda ham konlar ko’paysa ajabmas, deydi Vulsi.

“Montana va Dakotadagi Bakken slanets qatlamlari hamda Oklaxomadagi Vudfordga qiyoslash mumkin. U joylarda katta miqdorda neft ishlab chiqariladi. Imkoniyatlar o’xshash,” - deydi u.

Ammo Qo’shma Shtatlarning bu qismi Shimoliy Dakotadagi Uillinston shaharchasidan 2000 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bakken hozir AQSh neft boyliklari markazidir.

Ammo Dakotadan farqli Nyu-Olbaniga neftli slanetsni qazib olishning yangi, freking uslubi hali yetib kelgani yo’q.

Ueyn Vulsi texnologiyani bu yerga olib kelmoqchi. Muammo shundaki, neft arzon.

“Sarmoya o’zini qoplashi kerak axir. Neft arzonligi sababli vertikal kon qaziy olmayapmiz,” - deydi u.

Bir barrel xom neft joriy yilning yanvarida taxminan 50 dollar edi, hozir 55 dollarga ko’tarilgan. Kompaniya rahbariga ko’ra, mamlakatning bu qismida qora oltin qazish ko’lamini kengaytirish uchun narxlar yana 10-20 dollarga oshishi kerak. Ma’lumki, 2014-yilning yozidan buyon neft bahosi 50 foizga pasaygan. Yagona chora – kutish.

“Saudiya Arabistonidan kelayotgan xabarlarga ko’ra, neft sanoatida arzonchilik yana sakkiz yilgacha davom etishi mumkin. Ularning maqsadi ayon – AQShdagi ayrim neft ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni bozordan siqib chiqarish,” - deydi Vulsi.

"Albatta, kelasi olti oydan bir yilgacha rejalab qo’ygan loyihalarimiz amalga oshadimi, yo’qmi, hammasi qora oltin narxiga bog’liq. Ehtimol bir necha yil kutishga to’g’ri kelar. Sinov-tadqiqotlarni yakunlab, ishlab chiqarishga to’la kirishguncha neft bahosi oshadi degan umiddamiz. Shundagina biznes yurishadi,” - deydi Pattison.

Ammo vaqt oz qolyapti. Nyu-Harmoni va boshqa joylarni burg’ilash uchun olingan to’rt yillik ruxsatnoma muddati tugay deb qoldi. Neft kompaniyasi yer egalari bilan shartnomani yana to’rt yilga uzaytirmoqchi. Bu vaqt ichida neft ham qimmatlar, deydi Ueyn Vulsi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG