Qizlar uchun onlayn maktab

  • Amerika Ovozi

XXI asrda maktablarda o’quvchilar ham kitob, ham kompyuterlar yordamida bilim olmoqda. Ayrim o’quvchilar ba’zi fanlarni to’laligicha internetda o’rganayapti. Amerikada, masalan, Online School for Girls, Qizlar onlayn maktabida bolalarning o’ziga ishonchi ortadi va ular puxta bilim oladi.

Malboro maktabi o’quvchisi Zochi Grin kelajakda psixologiya sohasida tahsil olmoqchi. Hozir o’tiladigan darslar buning uchun kamlik qiladi.

“Bu fanni chuqur o’rganmoqchiman. Maktab rahbarim internet orqali o’qish imkoniyati borligini aytdi. Darhol ma’lumot qidirishga kirishdim”.

U ham oddiy maktabga bordi, ham psixologiya bo’yicha chuqur fanlarni internetdagi Qizlar maktabida o’rgandi. Haqiqiy sinfdagi darslardan farq qiladi, deydi Grin.

“Internet orqali o’z fikrlarimni bildirish osonroq bo’ladi, chunki hech kim sinfdagidek halaqit bermaydi, deb o’ylagandim. Yo’q, aslida bunday emas ekan. Turli loyihalar ustida ishladik, boshqa qizlar bilan video orqali muloqot qildik. Telefon orqali sms yuborib ham bog’lanish mumkin”.

Malboro maktabi xodimi Styuart Posinning aytishicha, Qizlar maktabi oddiy maktablar o’quv dasturiga kirmagan fanlardan bilim beradi.

“Kollejga kirish uchun talab qilinadigan fanlarni o’rganish mumkin, ilm-fan, technologiya, injenerlik va matematikadan darslar juda ko’p. Oddiy maktablarga qaraganda, ular bu fanlarga jiddiyroq e’tibor qaratadi. Dastur mamlakatning eng zo’r maktablari bilan hamkorlik qiladi, natijada qizlar uchun mana shunday noyob imkoniyatlar yarata oldik,” - deydi u.

Qizlar onlayn maktabi direktori Bred Ratgeyber:

“Nima sababdan faqat qizlarni o’qitamiz, deysizmi? Chunki onlayn sinfxonada ularga o’ziga ishonch paydo qilishda yordam beramiz. Kelajakda kollej va ishda ular muvaffaqiyatga erishsin deymiz”.

Biroq bunday yondashuvga qarshilar ham yo’q emas. Kek institutining Minerva maktabidan Dayan Xalpern muvaffaqiyat siri qizlarni o’g’il bolalardan alohida o’qitishda emas, deydi.

“Odatda faqat qizlar yoki faqat bolalar o’qiydigan maktablarni “qarang-a, ular naqadar muvaffaqiyatli”, deyishadi. Ammo, aslida, ularga o’quvchilar qabul qilinayotganda nihoyatda jiddiy testlardan o’tadi, a’lochi bolalalar qabul qilinadi. Ota-onalari badavlatroq, o’qishga katta e’tibor beradi va mablag’ ajrata oladi”.

Ammo Qizlar onlayn maktabiga qiziqish ortib bormoqda. Besh yil avval asos solingan bo’lsa, o’quvchilar soni ko’paygan, hamkor maktablar soni ham to’rtdan 85 taga yetgan. Maktab direktori Ratgeyber:

“Kichik bir jamoa shakllantirmoqchi bo’lsangiz, o’quvchivlar bir-biri bilan do’stlashsin desangiz, jins ham ma’lum rol o’ynaydi. Biz bir jinsga mansub o’quvchilar uchun nihoyatda unumli muhit yarata oldik”.

Endi esa o’g’il bolalar uchun maktab ochish rejada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG