Breaking News

Pokiston AQSh va NATO uchun yo’llarni ochadimi?


Pokiston parlamenti binosi
Pokiston parlamenti binosi

Pokiston parlamenti Qoshma Shtatlar bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqmoqda. Ikki davlat orasi mana bir necha oydirki tarang. AQSh va NATO Pokiston hududi orqali Afg’onistonga yuk olib o’tish imkonidan mahrum. Pokiston Tashqi ishlar vaziri Hina Rabboniy Xar fikricha, parlament tekshiruvi uzoq muddatli mustahkam munosabatlar uchun zamin yaratadi.

Muhokamalar boshlanganiga bir hafta bo’ldi. Pokiston qonunchilari bir qarorga kela olmayapti. Muxolifat vakili Ayoz Amir vaziyatni shunday izohlaydi:

“Parlament boshi berk ko’chaga kirib qoldi. Tavsiyalar taqdim etilgan bo’lsada, mazmunli muzokara boshlanganicha yo’q. Aholi nima deydi, degan savol o’rtaga tashlanmoqda”, - deydi u.

Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar
Pokiston Tashqi ishlar vazirasi Hina Rabboniy Xar
Hukmron Pokistion Xalq partiyasi muxolifat talablarini ko’rib chiqish uchun bir hafta tanaffus oldi.

Tashqi ishlar vaziri Hina Rabboniy Xar AQSh bilan munosabatlar biz uchun juda muhim, deydi.

“Xalqaro sheriklarimiz bilan bir masalada hamfikrmiz, ya’ni diktatura sharoitida qarorlar tez qabul qilinishi mumkin, biroq ular uzoqqa bormaydi. Demokratik tizim esa ancha murakkab, qaror qabul qilish ko’p vaqt talab qiladi. Lekin natijaga erishsa bo’ladi”, - deydi vazira.

Rabboniy Xar sobiq prezident Parvez Musharrafni nazarda tutib gapirdi. Aynan Musharraf boshqaruvi davrida Pokiston al-Qoida va Tolibonga qarshi kurashda AQShga yaqindan ko’mak ko’rsata boshlagan edi.

Pokistonliklar orasida AQShdan nozorilik kuchli
Pokistonliklar orasida AQShdan nozorilik kuchli
Ayni paytda hamkorlik to’xtab qolganiga sabab o’tgan yil noyabrda NATO havo hujumida 24 pokistonlik askar halok bo’lganidir.

Voqea ketidan Islomobod amerikalik harbiylarni mamlakatdan chiqarib yubordi. Afg’onistondagi xalqaro qo’shinlarga yuk yetkazuvchi strategik yo’llarni yopib qo’ydi.

Natijada G’arb Markaziy Osiyo respublikalari bilan hamkorlikni oshirib, yukni yetkazishda ularga ko’proq tayana boshlagan.

Pokiston parlamenti AQSh va NATO bilan musobatlarni qayta ko’rib chiqar ekan, tavsiyalar shundan iboratki, Vashington noyabrdagi fojia uchun uzr so’rashi hamda Pokiston hududidagi jangari makonlarini havodan nishonga olishni bas qilishi kerak.

Afg’onistonga ta’minot yo’llari qayta ochilishi uchun ham NATO muayyan shartlarga ko’nishi lozim. Biroq islomiy partiyalar bu masalaga umuman qaytmoqchi emas.

Prezident Pbama va Bosh vazir G'iloniy Janubiy Koreyadagi summit paytida
Prezident Pbama va Bosh vazir G'iloniy Janubiy Koreyadagi summit paytida
Qonunchi Ayoz Amir kelajakda muammolar tug’ilmasligi uchun Vashington bilan munosabatlar haqidagi hujjat bir ovozdan tasdiqlanishi kerak deb hisoblaydi.

“NATO bizning hududdan yuklarini olib o’tayotganda qancha-qancha xurujlar bo’ldi, bu beqarorlikka hissa qo’shdi. Bunday hodisalar yana takrorlansa Pokistonning ahvoli voy. Qonun va tartib jihatdan vaziyat shundoq ham yaxshi emas va yanada yomonlashishi aniq”, - deydi deputat.

Jangarilarning NATO kolonnalariga hujumlari ko’p marta qayd etilgan. Radikal islomiy partiyalar kelajakda ham ularga dalda beradi degan xavotir bor.

Prezident Barak Obama va Bosh vazir Yusuf Rizo G’iloniy shu hafta Janubiy Koreyada, yadroviy xavfsizlik bo’yicha sammitda suhbatlashdi. AQSh bosh qo’mondonlari Islomobodga tashrif buyurib, yuqori darajada muzokaralar olib bordi. Kuzatuvchilar nazarida bu iliqlashuv boshlanayotganidan darak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG