Vashington-Islomobod aloqalari yanada chigallashgan

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar Pokiston hududida havo hujumlarini amalga oshirayotgani bu mamlakatda keskin norozilik uyg’otmoqda. Pokiston orqali Afg’onistonga yuk olib o’tadigan yo’llarni yopamiz, deydi pokistonlik siyosatchilar.

Yaqinda AQShning qiruvchi samolyoti Tolibon yetakchisi Hakimulla Mahsudni yo’q qildi. Bu hujumdan sal avval Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Oq uyda mehmon bo’lganida ikki davlat munosabatlarida iliqlik boshlangudek tuyulgan edi.

AQSh ruxsatsiz harbiy amaliyotlar o’tkazib, mamlakatimiz tinchini buzmoqda, deydi pokistonlik siyosatchilar. Muxolif partiyalar Afg’onistonga xalqaro koalitsiya uchun yuk tashiladigan yo’llarni yopishni talab qilayapti.

Islomobodda elchilik qilgan Bill Maylam so’nggi voqealarga shunday izoh beradi:

“Yo’llar yopilishini Amerika do’stona harakat deb qabul qilmaydi, albatta. Afg’onistondan askarlarni olib chiqish harakatidamiz, eng qulay marshrut Pokiston orqali o’tgan”.

AQShning dron deya atalmish uchuvchisiz samolyotlarini urib tushirishga chaqirayotganlar ham bor. Tahlilchi Tomas Linch nazarida bu o’ta xatarli taklif.

“Dronlarga hamla ittifoqchilikdan voz kechish degani, Islomobodda buni juda yaxshi tushunishadi deb o’ylayman. Aksincha, Pokiston terrorizmga qarshi kurashda chin hamkor ekanini namoyish etishi kerak, - deydi mutaxassis.

Pokiston hukumati dronlarni mamlakat suverenitetiga hurmatsizlik, deb bot-bot tanqid qilib keladi. Ammo havo hujumlari aslida ularning roziligi bilan amalga oshirilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Vashingtonning ta’kidlashicha, Pokiston va Afg’onistondagi terrorchilarni yo’q qilishda dronlar eng qulay vosita. Tomas Linch bu masalaga oydinlik kiritishni maslahat beradi.

“Obama Pokiston hukumati bilan yaqinroq ishlaymiz deb dron hujumlarini to’xtatishga ishora qilmagan. Baytulla Masud yoki Hakimulla Masud kabi jangarilar doimo nishonda bo’ladi. Obama shunchaki bu hujumlar borasida ochiqroq, ko’proq ma’lumot almashishga ishora qilayapti xolos”, - deydi Linch.

Har ikki mamlakat aloqalarni yo’lga solishga harakat qilishi lozim, deydi sobiq elchi Maylam.

“Qo’shma Shtatlar havo hujumlarini vaqtincha to’xtatsa ajablanmayman. Ziddiyatlarni yengib o’tish uchun vaqt kerak. Afg’oniston tomon yo’llar yopilsa, hammaga ziyon bo’ladi”.

Ekspertlar fikriga ko’ra, uzoq muddatda Vashington-Islomobod aloqalarida shaffoflik zarur.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG