Breaking News

AQSh Pokistonda yana dron qo'llashi mumkin


Obama ma’muriyati Pokistonda jangarilar safiga qo’shilgan bir amerikalikni havodan nishonga olish masalasini ko’rib chiqmoqda. Agar tasdiqlansa, ushbu operatsiya uchuvchisiz harbiy samolyot – dronlar orqali amalga oshiriladi. Oq uyning bildirishicha, bu shaxs AQShning Afg’onistondagi askarlarini o’ldirish uchun qo’lbola bombalar yasagan.

O’tgan yili prezident Obama dron hujumlariga keskin cheklovlar qo’ygan bo’lsa-da, chet eldagi bir amerikalikni yo’q qilish masalasi yuzasidan muhokamalar avjida.

“Terrorchilarni tiriklayin qo’lga olish imkoni bo’lsa, Amerika havodan hujum qilmaydi. Biz ularni hibsga olib, so’roq qilish va jazolashni afzal ko’ramiz. O’zboshimcha harakatlarga ham o’rin yo’q. Hamkorlar bilan bamaslahat, o’zga davlatlar suverenitetini hurmat qilgan holda ish tutamiz,” - dedi Obama.

O’ziga Abdulla al-Shamiy deb ism qo’ygan amerikalik Pokiston shimoli-g’arbidagi tog’larda yashiringani aytiladi. Yuqori lavozimdagi rasmiylarning “New York Times” gazetasiga ma’lum qilishicha, Afg’onistondagi zobitlarga qarshi ishlatiladigan qo’lbola bombalarni yasayotgan shaxslardan biri shu.

Mana 10 yildirki AQSh terrorchilikda gumon qilingan shaxslarni havodan nishonga oladi. Obama prezidentlikka kelganidan buyon bunday operatsiyalar yanada ko’paydi. Ammo so’nggi ikki yilda Pokistonda dron hujumlari ancha kamaygan.

Oq uy bergan ma’lumotga ko’ra, 2009-yildan beri to’rt amerikalik uchuvchisiz samolyotlar yordamida o’ldirilgan.

Birinchisi radikal ulamo Anvar al-Avlakiy edi. 2011-yilning sentabrida Yamanda amalga oshirilgan raketa hujumida u bilan birga yana uch odam o’lgan. Rasmiylarning aytishicha, nishondagi shaxs faqat Avlakiy edi.

Obama fikricha, bu operatsiyalar Markaziy razvedka boshqarmasi emas, armiya zimmasida bo’lishi kerak. Lekin Pokiston baribir bu amaliyotlarga e’tiroz bildirmoqda.

Jorjtaun universiteti olimasi Kristin Feyerning aytishicha, Pokiston razvedkasi Qo’shma Shtatlar bilan bu sohada hamkorlik qilayotgani haqida oshkora gapirishni xush ko’rmaydi.

“Bu dasturdan Pokiston tarafi ham foyda ko’rayapti, ammo buni sir tutishni ma’qul ko’rishadi. Aslida ular har bir hujumni amalga oshirishda ko’maklashadi, ma’lumot uzatib turadi, dronlar uchishi uchun sharoit yaratib beradi,” - deydi Feyer.

“Xalqaro amnistiya” inson huquqlari tashkiloti Vashingtonni bu masalada oshkoralikka undamoqda.

“Jamoatchilik va Kongress bilan maslahatlashish o’rniga hukumat bu haqda norasmiy yo’llar orqali, orqavorotgan ma’lumot tarqatmoqda. Bu esa dastur boshidan qanchalik maxfiylik bilan yo’g’rilganini yaqqol ko’rsatadi,” - deydi tashkilot xodimi Norin Shoh.

Prezident ko’rsatmasiga binoan, Amerika fuqarosi nishonga olinishi uchun Adliya vazirligi bu shaxs boshqa amerikaliklarni o’ldirmoqchi ekanini isbotlab berishi lozim. Uni avvalo tiriklayin qo’lga tushirish imkoni ko’rib chiqiladi. Shuningdek, operatsiyada tinch aholiga ziyon yetmasligi shart.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG