AQSh va Pokiston o'zaro ishonchni tiklashi zarur

  • Amerika Ovozi

So’nggi yillarda AQSh-Pokiston munosabatlari yaxshi kunlarni ham, yomon kunlarni ham ko’rdi. Navoz Sharif boshchiligida yangi hukumat ish boshlar ekan, yaqin kelajakda ikki tomonlama aloqalar qanday bo’ladi, o’zaro muammolar qanday hal etiladi?

Pokiston yangi bosh vaziri Navoz Sharif parlamentda qilgan ilk nutqida AQShning Pokiston hududidagi pilotsiz samolyotlari faoliyatini to’xtatishga va’da berdi. So’ng Amerika elchixonasi rasmiysi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilib, unga yaqinda amalga oshirilgan hujum bo’yicha rasman norozilik bildirildi.

Navoz Sharif saylov kampaniyasi paytida ham AQSh havo hujumlariga barham berishni va’da qilgan edi. Vashingtonda Islomobod siyosati qanday baholanmoqda?

Vudro Vilson nomidagi tahlil markazi ilmiy xodimi Bill Milam 1999-yilda Sharif hukumati harbiy to’ntarish oqibatida ag’darilganida Islomobodda Amerika elchisi bo’lgan.

"Bosh vazir Sharif iqtisodiyotni tuzatish, harbiylar bilan aloqalarini yaxshilash va boshqa qator muammolar turganda aynan shu masalaga yopishib olsa, katta xato qilgan bo’ladi", - deydi sobiq elchi.

Qo’shma Shtatlar uchuvchisiz samolyotlar yordamida Pokistonning markaziy hukumatga bo’ysunmaydigan qabilaviy hududlarida Al-Qoida va Tolibon jangarilarini samarali nishonga olib kelayotganini aytadi. Pokiston esa bunday hujumlar mamlakat suverenitetini poymol qilishini bildiradi.

Ayrim tahlilchilar nazarida Pokiston xavotirlari o’rinli, biroq masalani AQSh bilan kelishib, hal qilish lozim.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashi tahlil markazi eksperti Daniel Markining aytishicha, Navoz Sharif havo hujumlari to’g’risida to’polon qilishda davom etishi va shu bilan birga masalani qanday hal qilish haqida AQSh hukumati bilan muloqotga berilishi mumkin.

"Bu muammoni hal etish oson emas", - dedi Marki.

Tahlilchiga ko’ra, bu ikki davlat Pokistonning zaif iqtisodiyotini tiklashga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.

"Qo’shma Shtatlar Pokiston bilan savdoni kuchaytirsa, o’z bozorida Pokiston mahsulotlari, xususan, to’qimachilik mollari uchun imtiyozlar bersa yaxshi bo’lardi. Pokiston bundan ko’p naf ko’rardi", - dedi Daniel Marki.

Ikki davlat munosabatlarida so’nggi yillarda ishonch yetishmaydi. Qo’shma Shtatlar Pokiston hukumatiga bildirmasdan uning hududida Osama bin Ladenni o’ldirish uchun amaliyot o’tkazgani ham ishonch darajasining naqadar past ekanini ko’rsatgan. Elchi Milamning aytishicha, tomonlar ishonchni tiklashi zarur.

"Amerika ham, Pokiston ham imkon qadar bir-biriga nisbatan samimiy va ochiq bo’lishi kerak. O’rtada hamkorlikning borligi yaxshi, chunki Pokiston Amerika milliy xavfsizligi uchun juda muhim davlat", - dedi diplomat.

Qo’shma Shtatlar 2014-yil oxirigacha Afg’onistondan qo’shinlarini olib chiqish taraddudida ekan, Pokiston yordamiga ayniqsa muhtoj. Islomobod ham iqtisodiyot va energetika bobidagi muammolarini hal etishda Vashingtondan madad kutmoqda. Buning uchun esa ikki davlat arboblari o’zaro hamkorlikni yangi pog’onaga chiqarish uchun yangicha tashabbuslar ustida o’ylashi zarur.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG