Pokiston AQShga: Doim Hindistonga yon bosishingiz adolatdan emas

  • Amerika Ovozi

Qo’shma Shtatlar va Pokiston terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni oshirish harakatida. Islomoboddan tashrif buyurgan yuqori darajali delegatsiya Vashingtonda uchrashuvlar o’tkazyapti.

Pokiston va Afg’onistonda Tolibon xurujlariga chek qo’yish – ikki tomonlama muloqotda asosiy mavzu. Bu AQSh xavfsizligi uchun ham muhim, deydi davlat kotibi Jon Kerri.

“Pokiston jamiyatini orqaga tortayotgan guruhlarga qarshi kurashish, tinchlik va farovonlikni ta’minlash uchun bir yoqadan bosh chiqarish darkor”, - deydi bosh diplomat.

Pokiston hukumati Tolibon harakati bilan muzokara olib borayotganini bildirmoqda. Ammo toliblarning maqsadi boshqa, ular shu yil oxirida xorijiy askarlar Afg’onistonni tark etishini kutmoqda, deydi Pokistonning xavfsizlik va tashqi aloqalar uchun mas’ul rasmiysi Sartoj Aziz.

“Afg’onistonda harbiy amaliyotlar nihoyasiga yetay deb qoldi. 2014-yildan keyin bu davlat yana qonli mojarolarga tortilsa, azobini biz ko’ramiz”, - deydi rasmiy.

Amerika Universiteti professori Akbar Ahmadga ko’ra, Tolibon va Islomobod o’rtasidagi muloqotdan hozircha biror natija yo’q.

“Tomonlar bir-biridan shu qadar yiroqki, ular biror masalada til topishishini tasavvur qila olmayman”.

Jon Kerrining aytishicha, AQSh va Pokiston chegara xavfsizligini mustahkamlashda hamkorlik qiladi:

“Afg’onistonni barqaror bir davlatga aylantirishda Pokistonning roli beqiyos. Afg’oniston tinch bo’lsa, qo’shni Pokiston ham osuda hayot kechiradi”.

Pokiston xavfsizligi AQSh Afg’onistonni qay tarzda tark etishiga ham bog’liq.

“Pokiston harbiylari Afg’onistonda strategik rol o’ynashni istaydi. Buning bosh sababi – Hindiston bilan raqobatda ustunlikni qo’lga kiritish, Hindiston ta’sirini kamaytirish”, - deya sharhlaydi professor Akbar Ahmad.

Pokiston ahli nazarida Vashington ko’pincha Hindistonga yon bosishi adolatdan emas.

“Hindiston uchun muhim bo’lgan masalalarda AQSh Pokistonga doimo bosim o’tkazishga shay tuyuladi. Bizning fikr-qarashlarimiz uncha e’tiborga olinmaydi”, - deya ta’kidlaydi Pokiston delegatsiyasi rahbari.

Davlat kotibi Jon Kerrining qayd etishicha, AQSh va Pokiston Janubiy-sharqiy Osiyoda qator mushtarak maqsadlarga ega. Pentagon, Moliya va Energetika vazirliklarida uchrashuvlar o’tmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG