Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif Obama huzurida

  • Amerika Ovozi

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif Oq uyga kirib ketmoqda.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif Oq uyga kirib ketmoqda.

Pokiston bosh vaziri Navoz Sharif bugun Oq uyda prezident Barak Obama bilan ko’rishib, Vashington-Islomobod aloqalarida yangi sahifa ochish haqida fikrlashdi.

Obama ma’muriyati murosa tariqasida Pokistonga atalgan, biroq avvalroq muzlatilgan 300 million dollar yordamni egasiga topshirishga rozi. Bu pul, asosan, harbiy maqsadlarni ko'zlaydi.

2011-yilda AQSh maxsus kuchlari Pokistonda reyd o’tkazib, Osama bin Ladenni o’ldirgani va o’tgan yili afg’on chegarasida AQSh havo hujumida pokistonlik o’nlab zobitlar o’lgani ketidan ikki davlat orasi g’oyat sovuqlashgan. O'sha vaqtlar chamasi Islomobod Afg'onistonga yetaklovchi NATO yuk ta'minoti yo'lini ham to'sib qo'ydi. Qattiq bahsdan keyin yo'llar qayta ochildi.

“Shubhalarni ortda qoldirib, o’rtadagi ishonchni tiklashni o’z oldimga maqsad qilib qo’ydim”, - deydi Navoz Sharif kecha AQShdagi Tinchlik Institutida so’zlar ekan.

U, shuningdek, Amerikadan pilotsiz samolyotlar hujumlarini bas qilishni so'rayapti. Pokistonning qabilaviy hududlarida amalga oshirilayotgan bu havo reydlari terrorchilarga qarshi eng samarali usul, deydi AQSh rasmiylari.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari nazarida esa Qo'shma Shtatlar dron hujumlari paytida tinch aholi orasida qon to'kib, xalqaro qonunlarni buzmoqda. Navoz Sharif hukumat tepasiga aynan dron hujumlariga chek qo'yish va'dasi ortidan saylangani sir emas.

Pokiston o’z iqtisodiy va energetik ehtiyojlarini qondirishda Amerikaning qo’llab-quvvatloviga muhtoj.

Qo’shma Shtatlar esa Afg’onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda Pokiston yordamiga suyanadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG