AQSh elchisi: Pokiston bilan aloqalar tuzalmoqda

  • Amerika Ovozi

AQShning Pokistondagi elchisi Richard Olson

AQShning Pokistondagi elchisi Richard Olson

AQShning Pokistondagi elchisi Richard Olson Islomobodda 2012-yil oxiridan beri ishlab keladi. Olson sovuqlashgan aloqalarni jonlantirish ustida ko’p ter to’kdi.

2011-yil mayida Qo’shma Shtatlar Pokiston hukumati bilan maslahatlashmay, kelishmay Abbotobod shahrida al-Qoida rahbari Osama bin Ladenga qarshi maxfiy amaliyot o’tkazganidan keyin Vashington-Islomobod munosabatlari sovuqlasha boshladi.

So’ng 2011-yil noyabr oyida NATO havo hujumida afg’on chegarasiga yaqin joyda 24 pokistonlik askar halok bo’lgach aloqalar muzladi. Oxirgi bir-ikki yilda va ayniqsa, Pokistonda hokimiyatga Navoz Sharif kelganidan beri orada bir oz iliqlik tiklandi.

Amerika elchisi Olsonning aytishicha, so’nggi sakkiz oyda bu borada ko’p ishlar qilindi.

"Har ikki tomon mushtarak manfaatlar mo’l ekanini, o’zaro hurmat asosida hamkorlikda harakat qilish kerakligini tan oldi", - deydi diplomat.

Biroq munozarali masalalarga hali ham barham berilgani yo’q. Masalan, Islomobod AQShdan qabilaviy hududlarda pilotsiz samolyot hujumlarini bas qilishni talab qilib keladi. Bu Pokiston xalqi noroziligiga uchrayotgan masalalardan biri.

Qo’shma Shtatlar o’tmishda Pokistondan jangarilarga qarshi qattiqroq kurashishni so’rab kelgan. AQShning xavotiri shuki, toliblar va al-Qoidaga aloqador guruhlar Pokistondan turib, qo’shni Afg’onistonda xorijiy askarlarga hamla qilmoqda.

Elchi Olsonning aytishicha, so’nggi paytda Pokiston bu borada faol harakat qila boshlagan, biroq Haqqoniy jangari tarmog’i hali ham yengilmagan.

Bosh vazir Navoz Sharif Pokistonda faoliyati man qilingan Tahriki Tolibon bilan murosa qilish harakatida.

AQShning Pokistondagi elchisiga ko’ra, hukumat butun mamlakat bo’ylab nazoratni tiklashi lozim.

"Buning uchun Islomobod qanday chora ko’rsa, qarshiligimiz yo’q", - dedi Olson.

Ayrim tanqidchilar nazarida AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etganidan so’ng ikki davlat aloqalari yana sovuqlashishi mumkin. Vashington Pokiston yadro arsenalining xavfsizligidan, uning jangarilar qo’liga tushib qolishidan tashvishda.

Amerika matbuotidagi ayrim xabarlarga ko’ra, Qo’shma Shtatlar tezkorlik bilan buning oldini olish uchun Pokistonga yaqinroq joydan bazalar qidirmoqda. Biroq elchi Olsonning aytishicha, xabarlar asossiz.

"Prezident Obamaning o’tgan yil oktabr oyida bosh vazir Navoz Sharif tashrifidan keyin aytgan gapini bir eslang. U “Qo’shma Shtatlar Pokiston yadro arsenalining xavfsizligidan, Pokistonning yadroviy davlat sifatida mas’uliyati yuqoriligidan ko’ngli to’q” degan edi", - deydi elchi.

Olsonning aytishicha, AQSh Pokistonga elektr energiya tanqisligiga barham berishda yordamini oshirmoqda. Amerika puliga Pokiston milliy energetika tizimini qo’shimcha 1000 megavatt elektr quvvat bilan ta’minlash maqsadida generatorlar o’rnatildi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG