Pokiston AQShning jangarilar haqidagi xulosasidan norozi

  • Amerika Ovozi

Vashington nazarida Pokiston hanuz jangarilar uchun panoh bo’lib qolayapti va bu bilan qo’shni Afg’oniston tinchliga tahdid solmoqda. Islomobod bu da’voni “mutlaqo asossiz” deya rad etdi.

AQSh Kongressi talabi bilan yiliga ikki marta yoziladigan urushlar haqdagi hisobotda Mudofaa vazirligi Pokistonning qabilaviy mintaqasidan amalga oshirilgan Tolibon hujumlari jiddiy muammoligicha qolayotganini qayd etadi.

“Afg’oniston va Hindistonni nishonga olgan jangarilar Pokiston hududida faoliyatini davom ettirmoqda. Ularning maqsadi - Afg’oniston hamda butun mintaqadagi barqarorlikka raxna solishdir” deyiladi hujjatda. Hisobot mualliflari fikricha, Afg’onistonda ta’sirini yo’qotayotgan Islomobod xurujlarga nafaqat qarshi chiqmayapti, balki zimdan qo’llab-quvvatlamoqda. Pokiston, shuningdek, Hindistonning harbiy qudratini kamaytirish niyatida.

Amerika tahlilchilarining bunday xulosalarini rasmiy Islomobod keskin tanqid qildi. Tashqi ishlar vazirligi so’zovchisi Tasnim Aslam payshanba kuni jurnalistlar bilan muloqotda “bunday ayblovlar mutlaqo asossiz”, dedi. Norozilik yozma ravishda AQShning Islomoboddagi elchixonasiga ham eltilgan.

Pokiston rasmiysining so’zlariga ko’ra, jangarilarga Shimoliy Vaziristonda amalga oshirilayotgan zarbalar Islomobodning terrorchilarni yo’q qilish qarorida qat’iy ekanidan dalolat beradi.

“Biz terrorchilarga qarshi Zarbi-azb nomi bilan keng ko’lamli operatsiyani amalga oshirmoqdamiz. Operatsiya davomida terrorchilar qaysi tashkilotga mansubligidan qat’i nazar ularni yo’q qilish niyatidamiz va buni bot-bot uqtirib kelamiz”, - dedi Tasnim Aslam.

Shunday der ekan, rasmiy AQSh va Afg’oniston xavfsizlik kuchlarini chegaraning boshqa tarafini yaxshi qo’riqlamayotganlikda aybladi. Pokiston iyun oyida Vaziristonda aksil-terror operatsiyani boshlaganida Afg’onistondan o’z hududida shunga o’xshash harakatlarni boshlashni so’ragan, dedi u.

“Afsuski, biz kutgan hamkorlik boshlanmay, umidlarimiz puchga chiqdi. Vaholanki, bunday qo’shma harakatlar nafaqat Pokiston, balki Afg’onistonda ham tinchlik va barqarorlik o’rnatish yo’lida xizmat qilgan bo’lardi. AQSh Kongressi uchun tayyorlangan hisobotdagi asossiz ayblovlar esa Pokiston uchun mutlaqo noma’quldir”, - deydi u.

Pentagon, AQSh Mudofaa vazirligi o’z hisobotida Pokiston armiyasining Tolibonga qarshi harakatlarni amalga oshirganini e’tirof etadi.

Vashington va Kobul azaldan Haqqoniy jangarilar tarmog’ini Afg’oniston hududida Tolibon bilan yelkama-yelka kurashayotganlikda ayblab keladi.

Ammo Pokiston rahbariyati tarmoq Vaziristondan haydab chiqarilganini ta’kidlaydi. Haqqoniy jangarilari AQSh va xalqaro koalitsiyaga qarshi hujumlarda ayblanadi.

Chorshanba kuni xalqaro qo’shinlar qo’mondoni, general-leytenant Jozef Anderson ham Islomobod bayonotiga qo’shildi.

Pokiston armiyasi haqiqatan Shimoliy Vaziristondagi jangarilarga jiddiy zarba berdi va ularning qo’shni Afg’onistondagi harakatlarini ancha zaiflashtirdi. Natijada ularning, xususan, Kobulda xurujlar uyushtirish salohiyati ancha pasaydi, dedi qo’mondon

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG