Syuzan Rays: Pokiston Haqqoniy tarmog'iga qarshi kurashni kuchaytirsin

  • Amerika Ovozi

Milliy xavfsizlik bo'yicha AQSh Davlat maslahatchisi Syuzan Rays (chapda) Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan, Islomobod, 30-avgust, 2015-yil.

Milliy xavfsizlik bo'yicha AQSh Davlat maslahatchisi Syuzan Rays (chapda) Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan, Islomobod, 30-avgust, 2015-yil.

Islomobodga tashrif buyurgan Milliy xavfsizlik bo’yicha AQSh Davlat maslahatchisi Syuzan Rays Pokistonni Afg’onistonda hujumlar sonini oshirayotgan Haqqoniy tarmog’iga qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. U, shuningdek, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifni 22-oktabr kuni Oq uyga taklif qilgan.

AQSh diplomati Pokistondan turib Afg’onistonga qarshi uyushtirilayotgan terror harakatlariga alohida to’xtaldi. Uning aytishicha, yaqinda Kobulda yangi xurujlarni amalga oshirgan Haqqoniy tarmog’ining Pokistonda yana jonlanayotganidan Vashington xavotirda.

Guruh amalga oshirgan zo’ravonliklarda asosan tinch aholi vakillari o’lgan yoki yaralangan.

Ismini oshkor qilmagan AQSh rasmiylaridan birining aytishicha, Rays Islomoboddagi uchrashuvlarda Vashingtonning Haqqoniy tarmog’iga qarshi kurashda Pokiston bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgan.

Pokistonning davlatga qarashli Strategik tadqiqotlar instituti rahbari Masud Xonning aytishicha, Afg’oniston bilan 2500 kilometrli chegarani qo’riqlash va terror amaliyotlariga qarshi kurashish oson emas.

“Chegaraning bu tomonida ham, u tomonida ham terrorchilar borligini bilamiz. Ular har ikki tomonning dushmani va biz ular bilan olishyapmiz. Biz bu dushmanni, maxluqni yo’q qilishga urinyapmiz va bu AQSh, Pokiston hamda Afg’onistonning birgalikdagi harakati bo'lishi kerak”, - deydi u.

Pokiston rasmiylaridan birining “Amerika ovozi”ga aytishicha, Rays bilan muzokaralarda Islomobod Afg’onistonni Tolibon bilan muloqotlarda ijobiy siljishga erisha olmayotganlikda ayblagan.

Rays o’z navbatida Pokiston yetakchilarini Tolibonni zaiflashtirish va zo’ravonlikni kamaytirishda Mulla Umarning o’limi va Tolibon rahbariyatidagi o’zgarishdan unumli foydalanishga undagan.

Iyul oyi boshida Pokiston Kobul va Tolibon o’rtasida o’tkazilgan dastlabki muzokaralarga mezbonlik qilgan edi. Ammo Mulla Umarning ikki yil muqaddam o’lgani haqidagi xabarning oshkor bo’lishi Afg’onistonda zo’ravonliklarning yanada kuchayishiga turtki berdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG