AQSh va Pokiston munosabatlarni yaxshilashga urinmoqda

  • Amerika Ovozi

Pokistan maslahatchisi Sartaj Aziz (chap qatorda oldindan uchinchi) AQSh rasmiysi Richard Olson va boshqalar bilan Islomobodda uchrashmoqda, 10-iyun, 2016-yil.

Pokistan maslahatchisi Sartaj Aziz (chap qatorda oldindan uchinchi) AQSh rasmiysi Richard Olson va boshqalar bilan Islomobodda uchrashmoqda, 10-iyun, 2016-yil.

Yuqori martabali AQSh rasmiylari 10-iyun kuni Pokistonda muhim masalalar, xususan, Tolibon yetakchisini o’ldirgan dron hujumlari mavzusini muhokama qilib, tarang munosabatlarni yaxshilashga harakat qildi.

Pokiston bosh vazirining tashqi siyosat bo’yicha maslahatchisi Sartaj Aziz Islomobod delegatsiyasiga rahbarlik qildi. AQSh delegatsiyasiga esa Milliy xavfsizlik kengashining Afg’oniston va Pokiston bo’yicha rahbari Piter Lavoy va AQShning ikki davlatdagi maxsus elchisi Richard Olson kirgan.

“Maslahatchi Qo’shma Shtatlarga 21-may kungi dron hujumi nafaqat Pokiston suvereniteti hamda BMT Nizomini buzgani, balki ikki tomonlama aloqalarni xavf ostiga qo’yganini aytdi”, deyiladi uchrashuvdan so’ng tarqatilgan rasmiy bayonotda.

Pokiston Afg’oniston, Xitoy va AQSh bilan birgalikda rasmiy Kobul va Tolibon o’rtasida tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga harakat qilmoqda, ammo dron hujumlari bu harakatlar uchun jiddiy zarba bo’ldi, dedi Sartaj Aziz AQSh delegatsiyasiga.

Islomobod rasmiylarining ta’kidlashicha, Afg’onistonning Tolibon rahbari Mulla Axtar Mansur tinchlik muzokaralariga qo’shilishga tayyor edi, ammo dron hujumida halok bo’ldi.

“Kelajakda dron hujumlarini amalga oshirish oramizdagi munosabatlarni mustahkamlash niyatiga zid bo’ladi”, deyiladi bayonotda.

Mansur Eronga boshqa nom ostida safar qilgan. Pokiston orqali Afg'onistonga qaytayotganida AQShning dron hujumiga uchragan.

Vashington va Kobul rasmiylari Islomobod ko’plab toliblarga panoh berganini ta’kidlab keladi. Islomobod esa jihodchilarni dastaklayotganini inkor etadi.

Juma kungi uchrashuvda AQSh rasmiylari bu masalani yana ko’tardi.

Bunga javoban Pokiston o’z hududidagi barcha jangari va terrorchilarni yo’q qilish borasida barcha choralarni ko’rayotganini ta’kidladi.

Sartaj Aziz ikki tomonlama munosabatlarning taranglashganiga qaramay taraflar hamkorlikni davom ettirish niyatida ekanini aytdi. AQSh rasmiysi Lavoy Prezident Barak Obama ham shu niyatda, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG