Breaking News

AQSh: Isroil qo’shnilar bilan kelishmasa, yakkalanib qoladi


Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta va Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barak
Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta va Isroil Mudofaa vaziri Yahud Barak

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta fikricha, Isroil mintaqadagi qo’shnilar bilan murosa qilmasa, tobora yakkalanib boraveradi. Bu davlatga safar qilayotgan Panetta qator tavsiyalar bilan chiqdi.

Qo’shma Shtatlar Isroilning yaqin ittifoqchisi sanaladi. “Sizni qo’llab-quvvatlashda davom etamiz, biroq xavfsizlik yo’lida Isroil ham yon berishi va Falastinga quloq tutishi kerak”, deydi Amerika mudofaa vaziri.

Jarayonga vositachilik qilayotgan Yaqin Sharq to’rtligi Isroilni biror shartsiz Falastin bilan bevosita gaplashishga chaqirib keladi. Yahudiy davlati kuni-kecha bu taklifga rozilik berdi. Unga ko’ra, tomonlar o’zlarini provokatsion xatti-harakatdan tiyishi va qurilish ishlarini butkul to’xtatishi kerak.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu fikricha, AQSh, BMT, Yevropa Ittifoqi va Rossiyadan iborat bu to’rtlik taklifi kamchilikdan xoli emas. Falastin bilan muzokara paytida bu muammolarni albatta ko’taramiz, dedi Netanyaxu gapini izohlamasa-da.

“Muloqot qilib, tomonlar faqat foyda ko’radi. Ular nima xulosaga keladi, nimani berib, nimani oladi – buning hammasi muzokara paytida hal bo’ladi”, - deydi Leon Panetta.

Falastinning e’tirozi shuki, Isroil bosib olgan yerlarda yahudiy mahallalari tobora kengayib bormoqda. Xususan, yangi rejaga ko’ra, Sharqiy Quddusning asosan yahudiylar yashovchi qismi Giloda mingdan ziyod xonadon qurilishi kutilmoqda.

Falastin Shaqiy Quddusni bo’lg’usi davlatining poytaxti deb ko’radi. Isroil rasmiylari esa Gilo bundan keyin ham bizniki bo’lib qoladi, deb javob beradi.

Sabri tugagan Falastin muxtoriyati prezidenti Mahmud Abbos AQSh va Isroil e’tiroziga qaramay, Falastin davlati masalasini o’tgan oy BMT sammitiga olib chiqdi.

Amerika Mudofaa vaziri Leon Panetta nazarida Yaqin Sharq va Afrika shimolida inqiloblar qizigan bir pallada Isroil arablar bilan kelishib ishlagani ma’qul. Yahudiylar Turkiya va Misrning ham ko’ngliga yo’l topishi kerak, deb hisoblaydi vazir.

“Mintaqa tinchligi uchun Amerika qanday yordam bera oladi? Biz tayyor. Isroil regionda yakkalanib qolayotgani, bundan yutqazayotgani sir emas”, - dedi AQSh rasmiysi.

Misrda Husni Muborak rahbar paytida Isroil bilan rishtalar sovuq, biroq barqaror edi. Lekin joriy yil boshidan beri Isroil Misrning Sinay yarimorolida reyd o’tkazib, misrlik olti askarni o’ldirgan. Qohirada esa Isroil elchixonasi hujumga uchragan. Shundan beri munosabatlar tarang.

Isroilga tashrifi chog’ida Leon Panetta Eron yadro dasturi haqida ham gaplashadi. Ayrim yahudiy rasmiylari fikricha, Eronga qarshi ehtiyot chora, ya’ni raketa zarbalari lozim. AQSh ma’murlari Isroilni qo’shni davlatlar ishtirokisiz harakat qilmaslikka undamoqda.

Panetta Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu va Mudofaa vaziri Yahud Barak bilan, so’ng Falastin prezidenti Mahmud Abbos va Bosh vaziri Salom Fayyod bilan ham ko’rishadi.

Shundan so’ng Bryusselda NATO mudofaa vazirlari majlisiga yo’l oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG