Kerri tinchlikka erishish uchun arab tashabbusini qo’llamoqchi

  • Amerika Ovozi

Jon Kerri kecha Riyodda bo’lib, qirol Abdulla bilan uchrashgan.

Jon Kerri kecha Riyodda bo’lib, qirol Abdulla bilan uchrashgan.

AQSh davlat kotibi Falastin va Isroil o’rtasida murosaga erishish uchun Saudiya Arabistoni olg’a surgan tinchlik tashabbusini qo’llab-quvvatlayapti. Jon Kerri kecha Riyodda bo’lib, qirol Abdulla bilan uchrashgan.


Saudiya Arabistoni qiroli Abdullaning 2002-yilgi tinchlik tashabbusi arab davlatlari va Isroil o’rtasida aloqalarni yaxshilashni ko’zlab, Isroildan 1967-yilda bosib olingan yerlarni bo’shatishni talab qiladi.

Jon Kerri bu rejaning qaysi qismini qo’llab-quvvatlashini aniq aytmadi.

Amerika bosh diplomati o’tgan payshanbadan beri Yaqin Sharqda Falastin va Isroil rasmiylari bilan muzokara qilayapti. Uning so’zlariga ko’ra, oldinga siljish bor, lekin bir necha yillik shubha-gumonlar, o’zaro ishonchsizlik jarayonni sekinlashtirmoqda.

Muzokarada chegaralar, xavfsizlik, falastinlik qochqinlar taqdiri va Quddus maqomi kabilar muhokama qilinayapti. Jon Kerrining aytishicha, taraflar murosa zaruratini tan oladi.
AQSh diplomati shanba kuni Ramallohda prezident Mahmud Abbos bilan uchrashdi.

“Muzokaraga jiddiy yondashdik. O’ta uzoqqa cho’zilgan bu mojaroni hal qilishga astoydil kirishdik”, - dedi Jon Kerri uchrashuvdan so’ng.

Ammo AQSh rasmiysining tashrifi oldidan G’arbiy sohilda falastinliklar namoyishga chiqdi.

“Muzokaralar vaqtni cho’zish uchun bir bahona, xolos. Bu orada, Isroil ko’proq yahudiy mahallalari bunyod etish bilan ovora”, - deydi namoyishchilardan biri.

Falastin muzokarachisi Soyib Erekat esa AQSh diplomatining sa’y-harakatlarini olqishladi:

“Jon Kerrining muvaffaqiyati Falastin ahlining g’alabasi hamdir. Uning mag’lubiyati falastinliklar mag’lubiyatini anglatadi”, - dedi Erekat.

Kerri kecha Iordaniyada ham bo’lib, qirol Abdulla bilan uchrashgan. Rasmiylar Suriyadagi fuqarolik urushi va Iroqdagi zo’ravonliklar haqida fikr almashgan.

Jon Kerrining aytishicha, Qo’shma Shtatlar Iroq hukumatining Anbar viloyatida ikki shaharni bosib olgan al-Qoidaga qarshi choralarini qo’llab-quvvatlaydi. Ammo Amerika Iroqqda askar jo’natmaydi, bu olishuv Iroqning zimmasida, deya eslatdi diplomat.

AQSh davlat kotibi shu oy Jenevada Suriyaga doir xalqaro anjuman haqida ham so’z ochib, Eronning ishtiroki maqsadga muvofiq bo’ladi, deb aytdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG