AQSh hukumati ayg'oqchilikda ayblanmoqda

  • Amerika Ovozi

"Assoshieyted Press" axborot agentligining idorasi, Manxetten, Nyu-York

"Assoshieyted Press" axborot agentligining idorasi, Manxetten, Nyu-York

AQShda hukumat yirik axborot agentligi jurnalistlarining telefonlashuviga doir ma’lumotni yashirincha qo’lga kiritgani jamoatchilik diqqat markazida.

“Assoshieyted Press” axborot agentligi Adliya vazirligini jurnalistlar ishiga noqonuniy ravishda aralashganlikda, axborot erkinligini qo’pol tarzda buzayotganlikda ayblamoqda.

Adliya vaziri Erik Xolder esa bu yurt xavfsizligi uchun zarur chora edi, deydi.

“1976-yildan beri prokuror bo’lib ishlayman va ishontirib aytamanki, axborot agentligi maxfiy ma’lumotni oshkor qilib, jamoatchilikni xavf ostiga qo’ygan. Eng qaltis ikki-uch tergovdan biri haqida gap ketayapti”, - deydi vazir kecha Vashingtondagi matbuot anjumanida.

Rasmiy tergov tafsilotlarini ma’lum qilmadi. Lekin AQSh ma’murlarining aytishicha, 2012-yilning mayida “Assoshieyted Press” agentligi chop etgan maqola haqida gap ketayapti.

Unda al-Qoidaning AQShga qarashli samolyotni portlatish rejasi va Markaziy razvedka boshqarmasi bu rejani qanday fosh etgani haqida o’ta maxfiy ma’lumot keltirilgan.

Erik Xolder nazarida jurnalistlar sirli axborotni e’lon qilib, xalq hayotini xavf ostiga qo’ygan.

“Assoshieyted Press”ning bildirishicha, hukumat o’tgan yili ikki oy davomida agentlik muxbirlari, muharrirlari kimga qo’ng’iroq qilgani va ularga kim telefon qilgani haqidagi axborotni qo’lga kiritgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG