Amerika Qirg'iziston taraqqiyoti uchun qariyb 49 million dollar ajratadi

  • Amerika Ovozi

Bugun Bishkekda o'tgan va Jahon Banki tomonidan tashkil etilgan donorlar anjumanida Qo'shma Shtatlar Qirg'iziston xalqi va davlati uchun 48,6 million dollar ajratishga tayyor ekanini bildirdi.

Xalqaro hamjamiyat jami 1,1 milliard dollar va'da qilmoqda. Bu mablag' uzoq muddatni ko'zlaydi va bir necha qismlarga beriladi.

Pulning ko'zlangan maqsadlar uchun sarflanishini donorlar mamlakatdagi diplomatlari va Jahon Banki orqali nazorat qiladi.

Vashington Qirg'izistonga 2010 yilda 47 million dollar miqdorida yordam ko'rsatishga qaror qilgan edi. Kelasi yil uchun 42 million dollar rejalangan. Iyun oyida ro'y bergan qonli voqealar ketidan AQSh qochqinlar uchun 4 million dollardan ziyod mablag' ajratgan edi.

Bugun e'lon qilingan ko'mak bulardan alohida bo'lib, Davlat departamentining bayon etishicha, bir necha ulkan maqsadlarni oz ichiga oladi:

O'sh va Jalolobod viloyatlarida insonparvarlik ko'magini oshirish; boshpanasiz qolgan oilalarga g'amxo'rlik qilish; qirg'in paytida uy-joyini tashlab ketgan va keyinchalik qaytgan aholi uchun zarur sharoit yaratish; mojaroga yetaklagan sabablarni o'rganish va kelishmovchiliklarning oldini olish uchun tinchlikparvar loyihalar boshlash.

21 million dollar - Hukumatning xalqqa xizmat qilish salohiyatini oshirishga sarflanadi, ya'ni mahalliy boshqaruv organlarini isloh qilish, ish o'rinlari yaratish, yoshlarni kasb-hunarli bo'lishi uchun sharoit hozirlash.

10 million dollar - Hozirda aholi uchun eng kerak bo'lib turgan mahsulot va xizmatlar uchun.

5,1 million dollar - Demokratik harakatlarni qo'llab-quvvatlash, inson huquqlari himoyasi, fuqarolik jamiyati rivoji va hukumat organlarining o'z vazifalariga mas'uliyat bilan yondashishini ta'minlash uchun.

6,1 million dollar - AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi nohukumat tashkilotlarga grant sifatida beradi. Fuqaro xavfsizligi, suv va sanitariya, aloqa va boshqa zarur sohalar uchun ko'zlangan.

1 million dollar - Qishloq xo'jaligini yaxshilash, o'g'it, yonilg'i va boshqa agrar vositalar uchun.

2,2 million dollar - Qirg'indan jabr ko'rgan aholi bilan ishlayotgan Xalqaro Qizil Xoch Qo'mitasi uchun.

1 million dollar - BMT Qochqinlar agentligi faoliyati uchun.

1 million dollar - Yosh avlod himoyasi uchun, BMT Bolalar fondiga beriladi.

500 ming dollar - BMT Gumanitar yordam idorasi uchun.

732 ming 716 dollar - AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi bu pulni grant sifatida nohukumat tashkilotlarga beradi. Loyihalar iqtisodiy taraqqiyot yo'lida xizmat qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG