Jahon rahbarlari Barak Obamani tabriklayapti

  • Amerika Ovozi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun demokrat arbobga “samimiy tabrik” yo’llab, BMT va Qo’shma Shtatlar o’rtasida mustahkam hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz, deydi.


U xalqaro hamjamiyat oldida turgan muammolar sirasida Suriya fuqarolik urushini alohida tilga oldi.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxuning aytishicha, uning davlati va Amerika o’rtasida strategik ittifoq har qachongidan ham mahkam. Barak Obama bilan ishlashda davom etamiz, dedi vazir.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Obamaga telegramma jo’natib, uni muborakbod etmoqda. Putinning so’zlovchisi deydiki, Kreml rahbari demokrat arbobning g’alabasi haqidagi xabarni “juda ijobiy” qabul qilgan.

Britaniya Bosh vaziri Deyvid Kameron AQShning amaldagi rahbarini samimiy tabriklagan. Biroq bugun Iordaniyaga safar qilib, suriyalik qochqinlar mahallalarida ko’zdan kechirgan Kameron nazarida Obama Suriyada fuqarolik urushini tugatish uchun jonliroq harakat qilishi lozim.

Afg’oniston prezidenti Hamid Karzayning aytishicha, Oq uy sohibi Barak Obama ekan, Kobul-Vashington aloqalari yanada keng quloch yozadi. Afg’oniston jamoatchiligi demokrat rahbar qayta saylangani haqidagi xabarni iliq kutib olgan, deydi kuzatuvchilar.

“Barak Obama Afg’onistondagi urushni bas qilib, askarlarni olib chiqishni istaydi. Yurtimiz kelajagi uchun bu ijobiy yangilik”, - deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan afg’onlardan biri.

Xalqaro koalitsiya 2014-yilda Afg’onistonni tark etishi kutilmoqda. O’sha yili mamlakatda prezident saylovlari o’tishi ham rejalangan. Hamid Karzayning ikkinchi prezidentlik muddati tugab borayapti va konstitutsiyaga muvofiq, u poygada qatnashishi mumkin emas.

AQShning yirik iqtisodiy sherigi Xitoy Barak Obamani qutlayapti. Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Xon Leyning aytishicha, prezident Xu Tzintao va uning muovini, vitse-prezident Shi Zinpin Obama bilan hamkorlikda Xitoy-AQSh aloqalarini yaxshilash yo’lida ter to’kishga tayyor.

“Sinxua” axborot agentligi kecha chop etgan tahririy maqola Obama va Mitt Romnini nishonga olgan edi. Saylov kampaniyasi chog’ida arboblar Xitoyga nisbatan qattiqroq turishini bot-bot takrorlagan edi.

Nihoyat poyga tugab, “Pekinni ayblab-urish o’yini” ham ortda qoladi degan umiddamiz, deyiladi maqolada.

Xitoyning o’zi ertaga har 10 yilda bir ro’y beradigan jarayon, rahbariyat o’zgarishiga hozirlik ko’rmoqda. Yopiq eshiklar ortidagi kompartiya syezdida prezidentlik Shi Zinpinga topshiriladi.

Raqamlarga ko’ra, tagi osiyolik amerikaliklarning aksariyati Barak Obamani yoqlab ovoz bergan. Bu qatlamning 73 foizi demokrat rahbarni, 26 foizi respublikachi Mitt Romnini qo’llab-quvvatlagan.

Lotin amerikalik saylovchilardan 71 foizi Obamaga xayrixoh. Afro-amerikaliklar orasida 93 foiz fuqarolar amaldagi prezidentni saylagan.

"Pyu" tadqiqot markazi hisobiga qaraganda, yaqin yillarda osiyolik amerikaliklar soni salmoqli darajada o’sadi.

Uzoq payt Lotin Amerikasidan immigrantlar oqimi eng kuchli bo’lgan, biroq so’nggi yillarda Osiyodan kelayotgan muhojirlar to’lqini undan bir necha bor oshgan.


  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG