Vashingtondagi siyosiy janglar, omma "bo'ldi qiling" demoqda

  • Amerika Ovozi

Prezident Barak Obama Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner va demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi bilan, Oq Uy, 7 iyul 2011

Prezident Barak Obama Vakillar Palatasi spikeri, respublikachi Jon Beyner va demokratlar yetakchisi Nensi Pelosi bilan, Oq Uy, 7 iyul 2011

AQShda davlat qarzi yuzasidan bahslar davom etar ekan, odamlar har ikki partiya yetakchilari, respublikachilar va demokratlarning safsatasidan to’yganini aytmoqda. Qachon gapdan ishga o’tiladi, deya so’raydi fuqarolar.

Aksariyat amerikaliklar Vashingondagi vaziyatdan norozi va har ikkala tarafni murosaga chaqirmoqda.

“Hozirgi siyosatchilarimiz bizni jar yoqasiga yetaklamoqda”,- deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan fuqarolardan biri.

“Bu xuddi yosh bolaning erkalanib, yo mening gapim bo’ladi, yoki hech kimnikimas, deyishiga o’xshaydi”,- deydi yana bir amerikalik, davlat qarzi ustidagi keskin tortishuvlarga ishora qilar ekan.

Prezident Barak Obama, demokratlar yetakchisi

Prezident Barak Obama, demokratlar yetakchisi

Prezident Barak Obama yurtdoshlariga murojaat qilib, raqib partiya, respublikachilarni, qaysarlikda aybladi.

“Amerika xalqi ikki partiyadan tarkib topgan hukumat uchun ovoz bergan bo’lishi mumkin, ammo u ishlay olmaydigan hukumatni tanlamagan!”

Biroq hech qaysi taraf murosaga borishni istamayotgan ko’rinadi.

Respublikachilar azaldan hukumat rolini cheklash kerak deb keladi. Fuqaro qancha erkin nafas olsa, shuncha yaxshi, deydi ular. Konservativ siyosat tarafdorlari fikricha Amerika hukumati bugun juda kengayib ketgan, ya’ni jamiyatning har bir jabhasini egallab olgan.

Jon Beyner, respublikachilar yetakchisi, Vakillar Palatasi spikeri

Jon Beyner, respublikachilar yetakchisi, Vakillar Palatasi spikeri

“Choychilar” harakati degan yangi, o’ta konservativ guruh vakillari nazarida liberal mafkura, ya’ni demokratlar olg’a surgan siyosat Amerika qaddini bukib qo’ygan.

“Choychilar” yetakchisi va kelasi yilgi prezident saylovlarida Obamani mag’lub qilishga bel bog’lagan Mishel Bakman deydiki, Vashingtonda o’tirgan siyosatchilar Amerika xalqi manfaatlarini chetga surib qo’’ygan. Bakman xonimning o’zi Kongress a’zosi, Minnesota shtatidan saylangan.

Tahlilchilar izohicha, Amerika siyosiy maydonida mo’tadillik tobora pasayib, ikki siyosiy partiya bir-biridan juda uzoqlashib ketgan. Ular biror masalada kelisha olmaydi bugun.

Oq Uy, prezident qarorgohi

Oq Uy, prezident qarorgohi

Professor Deyvid Lublin - Vashingtonda tanilgan ekspertlardan biri.

“Hozir ikki partiya orasidagi jar nihoyatda chuqur, buning sababi esa mo’tadil nuqtai nazarga ega odam biror bir partiyadan hokimiyatga saylana olmaydi”,- deydi u.

Partiyalarda radikal qarashdagilar ko'payib, mo’tadil fikrlovchilar kamaygan. Murosaga yo’l yo'q.

Tomonlar o’z mafkura va g’oyalarini ilgari surishi, ular uchun kurashishi - demokratik jarayon, ammo bugun Amerika siyosatida shunday darajaga yetib kelindiki, partiyalar zarur qarorlar qilish o’rniga faqat achchiq so’z almashish bilan band.

Kapitoliy, Kongress binosi

Kapitoliy, Kongress binosi

Iqtisodiy ahvol og’ir ekan, odamlar quruq gaplardan charchab, amaliy qadamlar qo’yilishini talab qilmoqda.

Saylovchi norozi. Kongress va prezident davlat qarzi va boshqa dolzarb masalalarni hal eta olmasa, kelasi yilgi saylovda zarba yeyishi tayin.

Vakillar Palatasi respublikachilar qo’lida, Senat esa demokratlar. Prezident Obama demokrat safdoshlarini keskinlikdan qaytarib, muxolifat bilan ishlashga harakat qilsin, respublikachilar ham siyosiy o’yinlarni bas qilib, xalqni qiynayotgan muammolarga yechim izlasin, deydi amerikaliklar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG