Qora tanli yoshlar politsiya bilan muomalani o'rgansin, deydi faollar

  • Amerika Ovozi

Missuri shtatining Ferguson shahrida qurolsiz qora tanli yigit oq tanli politsiyachi tomonidan otib o'ldirilgach, Sent-Luis shahri tevaragida zo'ravonliklar avj oldi. Mojaro politsiya va afro-amerikalik aholi o'rtasida ziddiyatning kuchli ekanidan darak. Ixtilof ketidan ota-onalar va ijtimoiy xizmat xodimlari yoshlarga politsiya to'xtatgan payt nimalar qilish kerakligini o'rgatmoqda.

Ferguson aholisi azaldan politsiyani qora tanli fuqarolarni kamsitishda ayblab keladi. Ko'plab oilalar farzandlari ichki ishlar xodimlari bilan yuzlashganda noxush voqealar yuz berishidan xavotirda.

"Yoshlarga ehtiyot bo'ling, deb aytaman. Politsiya to'xtatsa va nimadir qilishni buyursa, uning aytganini qilish kerak", - deydi mahalliy fuqarolardan biri.

Maykl Braun politsiya ofitseri Darren Uilson tomonidan otib o'ldirilgach, mana shu norozilik zo'ravonlikka aylandi. Ijtimoiy xizmat xodimi Ayvi Hiltonning aytishicha, politsiya va odamlar o'rtasidagi ixtilofni bartaraf etmoq zarur

"Ular darhol otishga va o'ldirishga tushib ketadi. Bu juda tashvishlanarli. Biz qoralarga bo'lgan munosabatda katta tafovut bor. Biz shunga e'tibor qaratib, tabiiy aloqalarni, tartib va muvozanatni qayta tiklashimiz kerak", - deydi u.

AQSh Adliya vazirligining 2011-yilgi hisobotiga ko'ra, mamlakat bo'ylab oqlarga qaraganda qora tanli haydovchilar ikki barobar ko'proq to'xtatilgan. Shuningdek, zo'ravonlik kuzatilmagan kichik qoidabuzarliklarda afro-amerikaliklar oq tanlilarga qaraganga uch marta ko'proq tekshiriladi va hibsga olinadi.

Yosh qora tanlilar orasida politsiyaga ishonchsizlik bilan qaraydiganlar ko'p.

"Qora yoshlar darg'azab. Ular hayotlari va qadriyatlariga bo'layotgan ochiq e'tiborsizlikdan norozi", - deydi bir fuqaro.

"Qanaqa muammo bo'lmasin, uni yengib o'tishga qodirsiz. Har biringiz shuni tushunishingizni istayman".

Rudi Deyvis Vashingtonda yoshlarga saboq beradi. Uning aytishicha, politsiyaga qarshilik ko'rsatishning oqibatlari nima bo'lishini ko'pchilik tushunmaydi.

"Xo'p deyish yoki qarshilik ko'rsatishni to'xtatish sizga aslida yordam berishini, ko'pincha, bilmaysiz", - deydi u.

Ayrim ota-onalar farzandlariga politsiya bilan bahslashmaslikni o'rgatmoqda.

"Politsiyachi sizning oldingizga kelsa, nima qilish kerak, huquqlaringiz nimalardan iborat? Yoshlar bilan ana shunday "ko'cha qoidalari" haqida ko'p gaplashaman", - deydi Ayvi Hilton.

Yoshlar bilan ishlaydigan mutaxassis Edvard Teyt politsiya bilan munosabatlarni o'zgartirishda ta'limning o'rni katta, deydi.

"Odamlarimizga o'zlarining kimligi, madaniyati va o'tmishlari haqida haqiqiy bilim berishimiz kerak. Toki, ularda g'urur, ijobiy ma'nodagi faxr, sharaf bo'lsin. Bu o'zini hurmat qiladigan odamlar sifatida axloqimizni tuzatishga xizmat qiladi", - deydi u.

Ferguson politsiyasi rahbarining aytishicha, huquq-tartibot organi aholining ishonchini qayta qozonishga tayyor. Ammo huquq faollarining ta'kidlashicha, politsiyaga qarshi norozilik namoyishlari Fergusonda va mamlakatning boshqa shtat va shaharlarida hali yana davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG