Kaliforniya shtati: Politsiya aholi bilan aloqani yaxshilamoqda

  • Amerika Ovozi

AQShda politsiya ishtirokidagi otishmalardan keyin ozchilik guruhlar va huquq-tartibot organlarining orasi taranglashdi. Kaliforniyadagi bir shaharda taraflar hukumat quvvatlovida muammoga yechim izlayapti.

So’nggi oylarda politsiya bilan ozchilik elatlar orasida to’qnashuvlar ko’p uchramoqda.

Politsiya ham zo’ravonlik qurboni bo’lyapti.

Bu esa hukumat hamda mahalliy politsiya rahbarlarini to’qnashuvlar oldini olishning yo’llarini izlashga undadi.

Kaliforniyaning Stokton shahrida har bir politsiyachi maxsus treningdan o’tadi, shu jumladan endi ishga olinganlar ham. Ularga politsiya va fuqarolar orasida hurmat bo’lishi kerak, to’g’ri muloqot ishingizni oson va xavfsiz qiladi, deb o’rgatishadi.

Stokton politsiyasi rahbari Erik Jons ozchilik guruhlar huquq-tartibot organlari xodimlaridan shubhalanadi, deydi.

“Tadqiqotlar natijalariga ko’ra, mamlakat bo’ylab zo’ravonlik eng keng tarqalgan mahallalarda, politsiyaga eng muhtoj jamoalarda politsiyaga ishonch ham eng past darajada,” - deydi u.

Chikagoda ishlab chiqilgan trening dasturida ko’cha-ko’yda ziddiyatni kamaytirish uchun o’zaro hurmatga alohida e’tibor qaratiladi.

Stoktonning boshqa qismida bir jamoada “Ukamning qo’riqchisi” nomli federal dastur muhokama qilinmoqda. Uni bundan bir yil oldin Oq uy ilgari sura boshlagan. Bugun mamlakat bo’ylab amal qiladi va ozchilik guruhlarga shahar hayotida qatnashish imkonini beradi.

Stoktonda boy mahallalar ham bor, kambag’allar yashaydiganlari ham. U yerda zo’ravonlik hollari ko’p uchraydi.

Jamoalar, shu jumladan “San-Vakin otalari va oilalari” nomli guruh oilalar xavfsizligini ta’minlash va yigitlarni ko’chada bezori to’dalarga qo’shilishdan saqlash bilan shug’ullanadi. Guruh rahbari Sammi Nunyez ishni ham federal, ham mahalliy darajada olib borish kerak, degan fikrda.

“Har bir mahallaga boshqa yondashuv qo’llanishi mumkin, ammo kasallik hamma uchun bir. Davolash yo’llari boshqa,” - deydi u.

Stoktonda jinoiy to’dalar bilan ish olib boriladi, ular qurolni tashlash va zo’ravonlikni bas qilishga undaladi. Ken Pregitser shahardagi dasturga bosh-qosh.

“Muvaffaqiyatga erishdik, qiyinchiliklar ham bo’lib turadi. Odamning o’ziga bog’liq, avvalambor ularning o’zi o’zgarishga qaror qilishi kerak,” - deydi Pregitser.

Ammo Stokton kabi shaharlarda muammolar chuqur ildiz otgan, deydi advokat va faol Frenki Guzman. U yoshligida qurollangan o’g’irlik uchun qamalgan edi, jazoni o’tab bo’lgach ozodlikka chiqdi, o’qishga kirdi va advokat bo’lib yetishdi. Vashington masalaga e’tibor berayotganidan mamnun.

“Obama ma’muriyati tashabbusi katta natijaga olib keladi, degan umiddaman. Ayniqsa, davlat idoralari va huquq-tartibot organlarida hisobdorlik past bo’lganini inobatga olsak,” - deydi Guzman.

Urinishlarga qaramay, Stokton va boshqa Amerika shaharlarida muammolarni hal etish oson bo’lmaydi, deydi faollar.

AQSh Adliya vazirligi Stokton va yana besh shaharda qaysi dastur eng samarali ekanini aniqlash uchun mablag’ ajratdi. Natijaga qarab bunday dasturlar boshqa joylarda ham ishlab chiqiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG