Afro-amerikaliklar orasida norozilik kayfiyati kuchaygan

  • Amerika Ovozi

Missuri shtatining Ferguson shaharchasida politsiya zobiti Darren Uilson qora tanli o’smir Maykl Braunni otib ol’dirgani uchun javobgarlikka tortilmaydigan bo’ldi. Dushanba kuni Missuri shtat sudi ana shunday hukm chiqardi. Hukm ortidan Ferguson shahrida zo’ravonliklar avj oldi. O’nlab binolarga o’t qo’yilib, namoyishchilar politsiyaga qarshi turli buyumlarni uloqtirdi. O’nlab odam hibsga olingan, jiddiy jarohatlar ro’y bermagani aytilmoqda.

Avgust oyida Missuri shtatining Ferguson shahrida o’smir Maykl Braunning politsiya zobiti Darren Uilson tomonidan otib o’ldirilishi oqibatida politsiya va irqiy munosabatlarning Amerika jamiyatida hanuz katta muammo ekani ayon bo’ldi.

Qurolsiz o’smir oq tanli politsiyachi tomonidan otib o’ldirilgach, qora tanli amerikaliklar jamosida namoyishlar boshlanib ketdi. Vashingtondagi Amerika progressi markazidan Sem Fulvudning aytishicha, namoyishlar, odatda, afro-amerikaliklar orasida noumidlik va noroziliklardan darak beradi.

“Irqiy diskriminatsiya bor. Politsiya tomonidan shafqatsizlik, iqtisodiy tengsizlik kuchli. Uy-joy topishda kamsitiladi. Demak, qarshilik ham kuchli bo’ladi. Afro-amerikaliklar jamiyatning yuqori tabaqalari kabi o’z ovoziga ega bo’lishni istaydi. Asosiy sabab shu”, - deydi u.

Fergusondagi zo’ravonliklardan roppa-rosa 23 yil oldin Rodni King ismli afro-amerikalik yigit Los-Anjelesda oq tanli politsiya zobitlari tomonidan do’pposlangan va bu hodisa videoga tushirilgan edi. 1992-yil aprel oyida sudda politsiyachilarni ortiqcha kuch ishlatganlikda ayblagan taraf mag’lubiyatga uchragan, politsiya zobitlari begunoh deb topilgan edi. O’shanda AQSh tarixidagi eng katta namoyishlar boshlanib ketgan. Jabrdiydaning o’zi jamiyatni tinchlik va irqiy birdamlikka da’vat etgan.

Tinchlik chaqiriqlariga qaramay o’shanda Los-Anjelesda 55 odam halok bo’lgan, 2000 dan ziyod fuqaro jarohatlangan edi. Mulkka o’t qo’yish va talon-taloj qilishlar oqibatida bir milliard dollarga teng ziyon yetgan. Davlat siyosati bo’yicha mutaxassis Elsi Skott qora tanli amerikaliklar o’zini huquqsiz deb his qilayotganini aytadi.

“Namoyishchilar orasida hech qanday kuch-qudratga ega emasligini his qilayotgan odamlar ko’p. Ularning qo’lidan keladigan yagona narsa ko’chaga chiqib, do’kon yoki boshqa biznesga o’t qo’yish”, - deydi u.

2001-yil aprel oyida Ogayo shtatining Sinsinnati shahrida qurolsiz o’smir bolaning oq tanli politsiya zobiti tomonidan otib o’ldiridilishidan keyin ham ana shunday namoyishlar ro’y bergan. O’shanda ham, asosan, oq tanli politsiya va qora tanli jamoa o’rtasida ziddiyat kelib chiqqan. Politsiyachi Kit Fangmanga ko’ra, politsiya haqidagi noto’gri tasavvurlarni o’zgartirish kerak.

“Qora tanli yetakchilar olomon oldiga chiqib, politsiya zo’ravonlikda gumon qilinayotgan odamlarga nisbatan ma’lum darajada kuch ishlatishga haqli ekanini tushuntirishi kerak”, - deydi u.

Oq uy e’lon qilgan bayonotda Prezident Barak Obama namoyishchilarning sud qaroridan nega noroziligini tushunishini aytib, ayni paytda ularni tinchlik va tartibni saqlashga chaqirgan. Adliya vaziri Erik Xolder esa qora tanli o’smirning otib o’ldirilishi yuzasidan federal tergov davom etishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG