Amerikaning yirik shaharlarida qotilliklar ko'paygan

  • Amerika Ovozi

AQShning yirik shaharlaridagi politsiya rahbarlari Vashingtonda yig'ilib, qurolli hujumlar soni ortayotganiga qarshi qanday chora ko'rish haqida gaplashdi.

Katta shaharlar rahbarlari uyushmasi ma'lumotiga ko'ra, 35 shaharda bu yil qotillik 19 foiz o'sgan. Qolgan shaharlarning 62 foizida o'limsiz yakunlangan otishmalar soni ko'paygan.​

Poytaxt Vashington politsiyasi rahbari Keysi Leniyerning aytishicha, jinoyatchilikning o'sishiga bir sabab - sun'iy giyohvand moddalar iste'molining oshgani. Yana bir sabab esa qurol olib yurish qoidalarining buzilishi va bu jinoyatlarga qayta-qayta qo'l urish. Bu holatlarning oldini olish uchun nima qilmoq zarur? Vashingtondagi anjumanda shu haqda gap ketdi.

Vashington, Baltimor va Chikago kabi yirik shaharlarda qonli jinoyatlar so'nggi oylarda keskin oshgan.

Shu yilning o'zida Vashingtonda 87 ta qotillik ro'y bergan. O'tgan yili shu paytgacha bu raqam 69 tani tashkil etgan. Baltimorda esa iyul oyining o'zida 45 ta qotillik yuz bergan. 1972-yildan beri eng ko'p o'lim yuz bergan oy, deydi rasmiylar.​

Chikagoda yil boshidan beri 1600 odam qurolli hujum qurboni bo'lgan. Bu o'tgan yilgi ko'rsatkichdan 100 taga ko'p. Milvoki shahrida esa yilning yarmida o'tgan yilga nisbatan ikki barobar ko'p, ya'ni 47 ta qotillik sodir etilgan.

Baltimor politsiyasi va hokimiyati shahardagi zo'ravonlik va qotillik holatlarini kamaytirish maqsadida yaqinda besh federal agentlik bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi. Bundan buyon federal agentlar qotillik ishlarida shahar tergovchilari bilan birga ishlaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG