Politsiya jamotchilik bilan ishlashda yangi muammolarga yo'liqmoqda

  • Amerika Ovozi

Texas va Luizianada sakkiz politsiyachi otib o'ldirilgach, AQSh bo'ylab politsiya bo'linmalari ishlash tartibi va taktikalariga o'zgartirish kiritmoqda. O'lim hollari ko'payishiga qaramay, politsiyachilar va mahalliy jamoalar bir-birini yaqindan qo'llab-quvvatlamoqda.

Baton Ruj shahri politsiyachilari halok bo'lgan kasbdoshlarini xotirlamoqda.

"Buni oqlab bo'lmaydi. Zo'ravonlik va nafrat to'xtashi kerak", - deydi Luiziana gubernatori Jon Edvards.

To'polonlarga qaramay, politsiya o'z ishini davom ettirmoqda.

"Xudoga ibodatimni qilgach, uyimdan chiqishga va har biringiz uchun jonimni berishga tayyorman. Ismingizni bilmayman. Buni bilishim ham shart emas", - deydi politsiyachilardan biri.

Tahlilchilar fikricha, politsiya zo'ravonligiga qarshi mamlakat bo'ylab davom etayotgan bir necha yillik namoyishlar ko'plab politsiya bo'limlarini bosim ostiga qo'ymoqda. Baton Rujda halok bo'lgan politsiyachi "Facebook"da "Men bu shaharni sevaman, lekin bu shahar meni sevarmikan?" degan yozuv qoldirgan edi.

"Masala bir yoki ikkinchi tomonga oid statistika haqida emas. Balki hissiyotga, odamlar hayotiga oid. Jamiyatdagi qo'rquv haqida. Odamlar o'zini xavfsiz sezishini ta'minlash bizning ishimiz", - deydi politsiya yetakchisi Terri Kaningam.

Luizianada qora tanli qurolsiz fuqaroning politsiya tomonidan otib o'ldirilishi aks etgan video tarqalib ketgach, politsiya va qora tanli jamoalar o'rtasidagi munosabatlar yanada taranglashdi.

"Ular politsiyaga emas, balki politsiya axloqsizligiga qarshi", - deydi faollardan biri.

Politsiyaning aytishicha, ular ish paytida turli murakkab jarayonlar bilan yuzlashadi. Bu esa har doim ogoh bo'lishni talab qiladi.

"Qarashlarimizni tushuning. Sizni bilmaymiz, tahdid emasligingizga ishonchimiz komil emas. Bunday holatlarda hech kimni bilib bo'lmaydi", - deydi sherif Jim Makdonald.

Ayrim bo'linmalar politsiyachilarni juft-juft chiqarish, o'q o'tkazmas kiyimlarni ko'proq sotib olish kabi yangi choralarni joriy etmoqda.

Prezident Barak Obama ham politsiyani himoya qilishning yangi yo'llarini topish uchun maslahatchilari bilan uchrashdi.

"Politsiyachilar uylariga eson-omon qaytishlarini ta'minlash uchun qo'limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak", - dedi Obama.

Ko'plab odamlar politsiyachilarni qo'llab-quvvatlashini oshkora ma'lum qilmoqda.

"Dallasdag qotil yoki shunday ishni qiluvchi boshqa jinoyatchilar kabi fikrlamaymiz biz. Bu dunyodagi har bir qora tanli inson bunday qarashda emas. Men sizni hurmat qilaman va oilangizni tark etib, mening oilamni himoya qilayotganingizni qadrlayman", - deydi fuqarolardan biri.

Ayni paytda politsiya va aholi o'rtasidagi ishonchni qayta tiklash yo'llari ham ko'rib chiqilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG