Los-Anjeles politsiyasi aholi bilan aloqalarni yaxshilashga bel bog'lagan

  • Amerika Ovozi

AQShning ko’pgina hududlarida huquq-tartibot organlari va qora tanlilar o’rtasida munosabatlar tarang. O’tgan yili bir necha shaharda otishma va to’polonlar irqchilik muammosiga e’tiborni oshirdi. Tushunmovchiliklarni bartaraf etish, ahillikni targ’ib etish maqsadida politsiya boshqarmalari aholi orasida ish olib bormoqda.

Kapitan Filip Tingiridesga bir ayol kaltaklangani haqida xabar berishdi. Ma’lumot o’z bo’lsada, voqea joyi aniqlandi. Ayol bilan savol-javob qilinib, jinoyatda gumon qilingan shaxs qo’lga olindi.

Bir necha kun oldin shu hududda jinoiy to’da bilan to’qnashuvda bir yosh yigit otib o’ldirilgan. Devorda otishma izlarini ko’rish mumkin.

“O’sha to’daning bir a’zosi ko’chada o’tgan-ketganni ota boshlagan”.

Yo’l bo’yida yaqinda o’ldirib ketilgan ikki ayolga qo’lbola yodgorlik… Ana shunday jinoyatlar sabab “O’lim yo’lkasi” deyishadi bu yerni.

So’nggi 10 yilda ilk bor Los-Anjelesda jinoyatlar soni oshmoqda, ammo qotilliklar ancha kamaygan. Mahalliy politsiya jamoatchilik bilan yaqindan ishlaydi. Masalan, ofitserlar bolalar futbol komandasiga murabbiylik qiladi.

“Xodimlarimiz yovuz odamlarga duch kelishi, yomon vaziyatlarga ro’baro’ kelishi tabiiy. Chunki ishimiz shu. Bu dasturlar jamoaning ijobiy taraflarini ko’rish imkonini beradi,” - deydi kapitan Tingirides.

Bu ko’chalar ko’p narsaga guvoh bo’lgan. 1965 va 1992-yillarda qora tanlilarning politsiya tomonidan tahqirlanishiga qarshi namoyishlar…

Bugungi kunda jinoyatchilikni kamaytirish uchun mahalliy faollar va politsiya har hafta uchrashib turadi. Maxsus patrul bo’limlari mahallalarni kuzatadi, nazorat qiladi. Maqsad – tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash. Serjant Emada Tingirides bu ishlarga bosh-qosh. U kapitan Tingiridesning umr yo’ldoshi ham. 20 yillik xizmati davomida vaziyat ancha yaxshilanganini aytadi.

“Kam daromadli oilalar yashaydigan rayonlarga ilgari kamida to’rt politsiyachi birgalikga borardi. Chunki ularga o’q uzilishi, halok bo’lishi hech gap emasdi,” - deydi serjant Tingirides.

Sintiya Mendenxol kabi fuqarolarning yordami ham muhim. Uning ikki o’g’li zo’ravonlikda nobud bo’lgan.

“Agar mamlakat bo’ylab - Nyu-York, Chikago va Detroyt bo’ladimi – politsiya bilan hamkorlik qiladigan bizdek odamlar bo’lmasa, xavfsizlikni hech qachon ta’minlab bo’lmaydi”.

O’tgan yili qora yigitning politsiya tomonidan o’ldirilishi qattiq norozilik uyg’otgan edi. Ammo aksar aholi qonli to’polonlarga qarshi. Perri Krauch kabi faollar Martin Lyuter Kingdek tenglik kurashchilaridan ilhom oladi.

“Uning orzularini bir eslaylik. Iqrchilik va nafrat devorini qulatish kerak, xudo oldida hammamiz tengmiz degan u”.

Janubiy Los-Anjelesda bu orzularga hali erishganimiz yo’q, lekin maqsadga yaqinmiz, deydi faollar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG