Politsiyachilar yoshlar uchun - ustoz va muallim

  • Amerika Ovozi

Politsiya naqadar faol va ko’p sonli bo’lmasin, barcha joyda xavfsizlikni ta’minlay olmaydi. Los-Anjeles sherifi boshqarmasining ayrim xodimlari azaldan notinch bo’lgan mahallalarda aholi xavfsizligini ta’minlashning yangi yo’lini topgan ko’rinadi. Ayrim politsiyachilar o’qituvchi va ustozlarga aylanmoqda.

Yoshi 14 daligida Brayan Fuentesning boshiga boshqalar faqat televizorda ko’rgan ishlar tushdi.

“Hammasidan bo’ldi. Narkotiklar deysizmi, to’dalar zo’ravonligimi, qotilliklarmi. Shunday xavfli vaziyatlarda bo’lganman,” - deydi Fuentes.

U Los-Anjeles janubidan. Qashshoqlik va jinoyatlar o’lkasi. Ammo bir joyda Fuentesga o’xshaganlar panoh topadi. Hozir yoshlar markazi, ilgari politsiya punkti bo’lgan bir joyda.

Yoshlar faoliyati ligasi deb nomlangan bu joy sherif idorasining Yoshlar jamg’armasi hamda huquq-tartibot organlari o’rtasidagi hamkorlik mahsuli. Markazga kelgan o’quvchilar uy vazifalarini bajaradi, sport bilan shug’ullanadi yoki shunchaki ustozlardan maslahat oladi. Sherif yordamchilari va ko’ngillilar ular xizmatida.

“Ilgari ular jinoyatchilarni tutsa-da, o’zi ham yomon odamlar deb o’ylardim”.

Ammo Andrea Dyuranning politsiya haqidagi salbiy fikri tezda o’zgardi.

“Ular men uchun xuddi oiladek bo’lib qoldi”.

Bunday noan’anaviy amaliyot politsiya haqidagi salbiy tasavvurlarni o’zgartiradi. Ko’pgina immigrantlar AQSh politsiyasi ular kelgan mamlakatlardagi huquq-tartibot organlaridan farq qilishini shu yerda tushunadi, deydi sherif muovini Alma Gonzales. U o’zi ham muhojirlar farzandi.

“Meksikada korrupsiya chuqur ildiz otgan. Politsiya saflarida ham. Bu yerga kelgan odam o’zining politsiya bilan ilgarigi muloqotini eslaydi. Immigrant bo’lganligi sababli yoki shunchaki formadagi kishilarni ko’rib, salbiy tasavvur hosil qiladi,” - deydi u.

Yoshlar bilan ishlash orqali bunday tasavvurlarni o’zgartirish mumkin, deydi Los-Anjeles sherifi Jim Makdonnell.

“Bolalar orqali oilalar bilan ishlash imkoniga ega bo’lamiz. Bu esa bizning aholi bilan aloqalarimizni yaxshilashning bir yo’li”.

Makdonnell deydiki, politsiya aholi bilan ishlay boshlaganidan buyon mamlakat bo’ylab jinoyatlar kamaydi.

Albatta, bu barcha to’dalar yo’q qilinganini anglatmaydi. Jinoyatlar hamon sodir etiladi. Ammo Yoshlar faoliyati ligasi kabi tashkilotlar yosh yigit-qizlarga yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

“Yoshlarga bilim beramiz, ilhomlantirishga harakat qilamiz, yangi turdagi faoliyatga jalb etamiz va bu orqali mahallada, umuman jamiyatda qiladigan ishlar ko’pligini ko’rsatamiz”.

Aksariyat o’quvchilar bu dasturda kamida olti oy qatnashadi. Bu esa ularga o’ziga ishonch hosil qilishda yordam beradi, yigit-qizlarning maktabdagi o’qishi yaxshilanadi. Brayan Fuentes kollejga kirishni orzu qilmoqda. Kelajakda huquq-tartibot organlarida ishlayman, odamlarga yordam beraman, deydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG