Breaking News

Amerikaliklar Kongressdan o'ta norozi


Obama Gun Control
Obama Gun Control
Amerikaliklar orasida Vashington siyosatidan norozilar kam emas. So’nggi so’rovlar tanqidiy fikrlar yanada kuchayganini ko’rsatmoqda. Jamoatchilik partiyalar o’rtasidagi tortishuvlardan, hukumatning sust ishlashidan norozi.

Vashingtonda siyosiy tarqoqlik, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:17 0:00
Yuklab oling

“Wall Street Journal” nashri hamda “NBC News” axborot agentligi o’tkazgan so’nggi so’rovda qatnashganlarning 83 foizi Kongress faoliyatidan qoniqmayotganini aytgan. Bu shu paytgacha olingan eng baland ko’rsatkichdir.

Aholining faqat 29 foizi mamlakat to’g’ri yo’ldan ketayotganiga ishonadi. Bir yil oldin bundaylar soni 41 foizga teng edi.

Boshqa ommaviy so’rovlar natijalari ham salbiy. Tahlilchilar fikricha, bu prezident uchun ham, Kongressdagi har ikki partiya vakillari uchun ham yaxshilik alomati emas.
“National Journal” tadqiqotchisi Charli Kukning aytishicha, prezident obro’sining pasayishi keyingi Kongress saylovlarida demokratlarga zarar yetkazishi mumkin.

“Tabiiyki, prezidentlik muddati davrida bo’lib o’tadigan Kongress saylovlari amaldagi prezident faoliyatiga munosabatni aks ettiradi. Yanvardan beri har uch yoki to’rt haftada Obamaning reytingi bir foizga tushib boryapti”, - deydi Kuk.

Iqtisodiyot o’sayotganiga qaramay, amerikaliklarning kayfiyati yaxshi emas. Ayniqsa, yangi ish o’rinlarining kamligi va kelajakda turmush tarzining qanday bo’lishi mavhum qolayotgan bir pallada.

Prezident Obama o’z nutqlarida iqtisodiy masalalarga alohida e’tibor qaratadi. Ayni paytda respublikachlarni Vashingtonni boshi berk ko’chaga olib kirganlikda ayblab keladi.

“Bizning tibbiy sug’urta bo’yicha islohotimizni barbod qilish uchun 40 ta mantiqsiz ovoz to’plash orqali ular mamlakatning vaqtini sarfladi. Buni qanday tushunish mumkin?” - deya raqiblarini nishonga oladi Obama.

Ammo respublikachilar, xususan, ularning Vakillar palatasidagi yetakchisi Jon Beyner aybni demokratlarga to’nkaydi.

“Biz bu yerda faqat shovqin ko’tarish uchun o’tirganimiz yo’q. Respublikachilar o’z ishini bajarishda davom etyapti”, - deydi spiker.

Partiyaviy siyosat markazi tahlilchisi Stiv Bellga ko’ra, aholini o’ziga ishontirish prezident uchun oson bo’lmaydi.

“Amerikaliklar biroz qo’rqayotgani va xavotirlanayotganini prezident yaxshi tushunadi. Chunki hozirda har uchta odamdan ikkitasi mamlakat noto’g’ri yo’ldan ketayotganini aytmoqda”, - deydi u.

Prezidentning obro’siga havas qilib bo’lmas, ammo respublikachilar ahvoli bundan ham yomon, deydi siyosiy tahlilchi Charli Kuk.

“Respublikachilar demokratlar yuzlashayotgan muammolarni o’z foydasi yo’lida ishlatishi uchun, avvalo, ular erishgan darajaga yetib olishi kerak. Demokratlarning yutuqlari, ko’rsatkichlari hanuz respublikachilarnikidan baland”, - deydi Kuk.

Jamoatchilik noroziligi sentabrda Kongress ishga qaytgach, yanada kuchayishi mumkin. Byudjet, immigratsiya va prezidentning tibbiy sug’urtaga oid yangi islohoti yuzasidan qonunchilarning kelisha olmayotgani amerikaliklarning xunobini chiqarmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG