AQShda siyosiy partiyalar tarixi, bir-biridan farqi, uchinchi partiyalar roli


Aksariyat odamlar Respublikachilar partiyasi va Demokratlar partiyasi haqida ko’p eshitgan. Ammo ularning tarixi, bir-biridan farqi, saylovlardagi ishtiroki, uchinchi partiyalar va ularning saylov jarayoniga ta’siri haqida ma’lumotga egamisiz?

AQShda prezident saylovlariga oz vaqt qoldi. Respublikachilar partiyasidan Donald Tramp, demokratlardan esa Xillari Klintonning yuzma-yuz bellashishi kutilmoqda. 1868-yildan beri saylovlarda mana shu ikki partiya vakilidan biri muntazam ravishda saylanib keladi. Jami 1788-yildan beri 57 ta saylov o’tgan bo’lsa, hisob hozircha 22:22 - 22 ta saylovda demokrat nomzod, yana shuncha saylovda respublikachi nomzod g’olib bo’lgan. 7 ta saylovda g’alaba qozongan nomzodlar esa Demokratik Respublikachilar partiyasiga mansub bo’lgan.

Bu yilgi saylovlarda ham asosiy kurash respublikachi va demokrat nomzodlar o’rtasida kechadi, ammo bu jarayonda boshqa partiya vakillari qatnashmaydi degani emas. Hatto 11 ta saylovda ular prezidentlikni qo’lga kiritgan. Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashington umuman hech qanday partiyaga a’zo bo’lmagan. Eng uzoq prezidentlik qilgan Franklin Ruzvelt ham, ikki yilga bormasdan otib o’ldirilgan Jon Kennedi ham demokrat bo’lgan.

Amerikada Respublikachilar partiyasini “eng katta eski partiya” ham deb atashadi, shunga qaramay, yosh jihatdan Demokratlar partiyasi undan 26 yil ulug’roq.

Demokratlar partiyasi

Demokratik partiyaga 1828-yilda, 188-yil avval asos solingan. Bugungi kunda 43 milliondan ziyod a’zosi bor. Ramziy rangi - ko’k, emblemasi - xo’tik. Amaldagi Prezident Barak Obama - demokrat. AQSh Senatida 100 a’zodan 45 tasi, Kongress Vakillar Palatasining 435 a’zosidan 188 tasi, 50 ta gubernatordan 18 tasi demokrat.

Amerikaning 15 ta prezidenti shu partiya a’zolari bo’lgan.

Demokratlar kuchli ijtimoiy muhofaza va ijtimoiy dasturlar, davlatning iqtisodiyotdagi ustuvor roli, liberal g’oyalar, boylarga soliqlarni ko’tarish, universal tibbiy sug’urta, mudofaa uchun xarajatlarni qisqartirish, ayni jins vakillari o’rtasida nikoh, qurol nazoratini kuchaytirish, noqonuniy immigrantlarga fuqarolik uchun yo’l ochish, minimal ish haqini oshirish tarafdori, tashqi siyosatda inson huquqlariga alohida e’tibor beradi.

Amerikaning xorijdagi urushlariga kelganda demokrat qonunchilarning fikri bo’lingan. Masalan, 2002-yilda Iroqqa qo’shin tortish masalasi ovozga qo’yilganida 110 noib uni qo’llab-quvvatlagan, 147 nafari esa qarshi chiqqan. O’sha paytda senator bo’lgan Xillari Klinton urushga ovoz berganlardan. Biroq Eron bilan yadroviy kelishuv masalasida demokratlar yakdil. Amerikada qora tanlilar va latinolar odatda saylovlarda demokratlarga ovoz berib keladi. Mamlakatda katta moliyaviy va siyosiy kuchga ega yahudiy saylovchilar ham shunday.

Respublikachilar partiyasi

Respublikachilar partiyasi shu yil mart oyida 162 ga to’ldi. 30 milliondan ziyod a’zosi bor. Ramziy rangi - qizil, emblemasi - fil. AQSh Senati va Vakillar palatasida respublikachilar ko’pchilikni tashkil etadi - Senatda 100 a’zodan 54 tasi, Kongress quyi palatasida esa 435 a’zodan 247 tasi, 50 ta gubernatordan 31 tasi respublikachi.

Respublikachilar partiyasi Amerikaga 18 ta prezident berdi. Birinchisi Avraam Linkoln edi. Boshqa taniqli respublikachi prezidentlardan Richard Nikson, Ronald Reygan, to’ng’ich Jorj Bushni tilga olasi bo’ladi.

Respublikachilar markaziy hukumatning ixchamroq bo’lishi, shtatlarga kattaroq rol berilishi tarafdori, davlatning xususiy biznes ishiga aralashishiga qarshi. Partiya konservativ qarashlarni yoqlaydi, xoh iqtisodiyotda bo’lsin, xoh siyosatda. Erkin bozor, individuallik, kuchli armiyani, an’anaviy oilaviy munosabatlar, qurolga egalik qilish huquqini qo’llab-quvvatlab, soliqlar va minimal ish haqini oshirishga, davlat tibbiy sug’urtasiga, ijtimoiy dasturlar, abort, noqonuniy immigrantlarning fuqaro bo’lishiga yetaklovchi tashabbuslar, besoqolbozlikka qarshi. Respublikachi qonunchilar 2001-yilda Afg’onistonga, 2003-yilda Iroqqa qo’shin kiritish taklifini yoqlagan.

Respublikachilar odatda dindorroq bo’ladi. Isroilga munosabatga kelganda demokrat va respublikachilar qarashlarida farq yo’q - barchasi bir ovozdan yahudiy davlatini cheksiz qo’llab-quvvatlaydi.

So’nggi respublikachi prezident kenja Jorj Bush bo’lgan. Shundan beri partiya faollari o’z vakilini Oq uyga qaytarishga behuda urinmoqda. Avval 2008-yilda senator Jon Makkeyn demokratlardan yosh nomzod, senator Barak Obamaga yutqazdi, so’ng Obama 2012-yilda Massachusets gubernatori Mitt Romnini dog’da qoldirdi.

Ayrim respublikachilarning bu yilgi umidi Jeb Bush ishonchni oqlay olmadi. U saralash bosqichida juda bo’sh keldi. Biroq yaqindan beri o’zini respublikachi deb e’tirof etgan tadbirkor Donald Tramp kutilmaganda haqiqiy respublikachi da’vogarlarni poygadan chiqishga majbur qilib, partiyadan prezidentlikka rasmiy nomzod bo’lishga yaqin turibdi. Biroq respublikachilarning Trampga munosabati bo’lingan.

Uchinchi partiyalar

AQShda Respublikachi va Demokratlar partiyalaridan tashqari boshqa siyosiy guruhlar ham bor. Bular Libertarianlar, Yashillar partiyasi, Konstitutsion partiya, Kommunistlar partiyasi va yana 31 ta partiya bor. Qaroqchilar partiyasi va Marixuana partiyasi shular jumlasidan. Bularning barchasi mayda, mahalliy guruhlar bo’lib, saylov natijalariga umuman ta’sir qilmaydi. Ammo libertarianlar va yashillar asosiy da’vogarlardan 10 foizgacha olib qo’yishi mumkin.

Masalan, yaqinda o’tkazilgan ommaviy so’rov natijasidan ma’lum bo’lishicha, Libertarian partiyadan bu yilgi saylovga nomzodi tasdiqlangan Garri Jounsga bugun saylovchilarning 10-12 foizi ovoz bergan bo’lardi. Libertarianlar siyosiy qarashlari bo’yicha demokratlarga yaqinroq bo’lgani uchun bu demokratik nomzoddan 10 foiz o’g’irlandi degani. Yana bir uchinchi partiya vakili Jill Stayn Jonson kabi bu yili ham saylovda qatnashmoqchi.

So’nggi bir necha o’n yildan beri prezident saylovlarida g’alaba qozonmasa-da, demokrat va respublikachi nomzodlar bilan uchinchi partiyalar vakillari ham bellashib keladi.

Demokratik partiyadan nomzod Xillari Klinton eng ko’p delegatlar ovozlarini qo’lga kiritishi ketidan Berni Sandersning poygadan chiqishi ayonlashar ekan, Jill Stayn Sandersga yashillar bilan birga saylovda qatnashishni taklif etdi.

Libertarian partiyaning ham, Yashillar partiyasining ham qarashlari demokratlarnikiga yaqinroq bo’lgani uchun, ayrim kuzatuvchilar nazarida, Stayn va Jonson Klintonga berilishi mumkin bo’lgan ovozlarni olib qo’yib, Donald Trampga ustunlikni ta’minlashda bilvosita yordam berishi mumkin. Shuning uchun odatda democrat nomzodlar uchinchi partiyalardan da’vogarlarni xush ko’rmaydi. Masalan, 2000-yil saylovlarida demokratlar o’z nomzodi Albert Gorning respublikachi Jorj Bushga yutqazganida qisman Yashillar partiyasidan nomzod Ralf Neyderni ayblagan edi. O’shanda Gor Bushga atigi 537 ovoz boy bergan edi, xolos. Neyder esa salkam 98 ming saylovchining ovozini olgan edi. Uning javobi shuki, saylovda hamma raqib va bir-biridan ovoz olishi tabiiy hol. “Balki, Gor o’shanda mendan ovozlarni olgandur”, deydi Neyder. Uning aytishicha, 2000-yil saylovlari taqdiri hal bo’lgan Florida shtatida 250 ming demokrat respublikachi Bushga ovoz bergan edi. “Bu haqda nega gapirmaysizlar” deydi Neyder.

Uchinchi partiyalardan nomzodlar haqida hatto amerikaliklar ham to’liq xabardor emas, chunki matbuot ularga yetarlicha e’tibor qaratmaydi, markaziy televizion stansiyalar uyushtiradigan debatlarga taklif etilmaydi.

Maxsus komissiya belgilagan qoidaga ko'ra, mamlakat bo'ylab o'tkazilgan besh so'rovda kamida 15 foiz to'plagan hamda saylovda g'alaba qozonish ehtimoli mavjudligini ta'minlash uchun yetarlicha shtatlarda saylov qog'oziga ismini tushira olgan nomzodgina milliy teledebatlarda qatnashishi mumkin.

Jonsonning aytishicha, bunday tizim demokrat va respublikachilarning hokimiyatda saqlanishini ta'minlash maqsadida o'ylab topilgan. Stayn esa debatlarni soxta deb atadi.

Har bir shtatda nomzodni saylov qog'oziga tushirish qoidasi turlicha bo'lib, ko'p joylarda muayyan kunga qadar ma'lum miqdorda imzo to'plashi zarur.

Yashillar partiyasi 20 shtatda, Libertarian partiya esa 32 shtatda prezidentlikka nomzodini byulletenga kiritish huquqini qo'lga kiritganini aytadi.

Ijtimoiy fikrni o'rganuvchi tashkilotlar saylovchilarning kimga ovoz bermoqchi ekanini o'rganish maqsadida o'z so'rovnomalariga Klinton va Trampdan tashqari Stayn va Jonsonni ham kirita boshlagan.

2012-yil saylovlarida Jonson uchinchi, Stayn to'rtinchi o'rinlarni olib, ularga jami salkam ikki million odam ovoz bergan edi. Bu gal ular natijasini yaxshilashga umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG