AQShdagi bugungi siyosiy manzara va 2016-yilgi saylovga tayyorgarlik

  • Amerika Ovozi

Yanvar oyida AQSh Respublikachilar partiyasi Kongressning har ikki palatasida hukmronlikni qo’lga oladi. Noyabr boshida o’tgan saylovda ular g’alaba qilgan edi. Demokratlar endi Kongressda ozchilik. Har ikki partiya 2016-yilgi prezidentlik sayloviga tayyorgarlikni boshlab yuborgan.

Respublikachilar Senatda ham, Vakillar palatasida ham ko’pchilikka aylandi. Noyabrda o’tgan saylovdan olingan saboqni har ikki partiya endi 2016-yilgi Oq uy uchun poygada qo’llaydi.

Tadqiqotchi Vit Ayres deydiki, respulikachilar qo’lga kiritgan salmoqli g’alaba ularga Oq uyni ham egallashga yo’l ochsa ajabmas.

"Ularning nomzodlari kuchliroq chiqdi, koalitsiya bo’lib harakat qilishdi. 2016-yilda ham ana shunday g’ayrat kerak”.

Respublikachilar safida prezidentlikka ehtimoliy nomzodlar ko’p. Masalan, Florida sobiq gubernatori Jeb Bush, Nyu Jersi gubernatori Kris Kristi va texaslik senator Ted Kruz. Ammo kim maydonga chiqadi, noma’lum.

“Kim maydonga chiqsa ham turli toifadagi respublikachilar bilan bog’lana olishi va ularni birlashtira olishi kerak - choychilarni, ijtimoiy konservatorlarni, kengroq xalqaro hamkorlik tarafdorlarini…”, - deydi Ayres.

Obamaning partiyasida manzara sal boshqacha. Sobiq davlat kotibasi Xillari Klinton, agar prezidentlikka harakat qilsa, unga ergashadiganlar ko’p. Lekin u iqtisodni o’nglaydigan formula bilan chiqishi kerak, deydi strateg Selinda Leyk.

“Demokratlar iqtisodiy sohada nima ishlar qilmoqchi, tushuntirib bersin. Odamlar turmushini yaxshilaydigan, imkoniyatlar ochib beradigan puxta reja bo’lsin”.

Klinton saylovchilar ko’ngliga yo’l topaman desa prezident Obamadan sal uzoqlashishiga to’g’ri keladi. Chunki yaqinda o’tgan saylovdan bilamizki, unga nisbatan norozilik kuchli.

“Bugun ko’pchilik shunday xulosaga keldiki, Obama katta va’dalar bilan kelgan bo’lsa-da, tajribasizligi sabab ko’p narsaga erisha olmadi. Xillari Klintonning bilimi va tajribasini hech kim shubha ostiga olmaydi”, - deydi mutaxassis.

Klinton poygada qatnashadigan bo’lsa demokrat orasida ham unga munosib raqiblar topiladi. Tahlilchi Jon Fortiyer:

“Klintonni mag’lub etish oson bo’lmaydi, albatta. Lekin u bilan bellashuvga tayyor nomzodlar bor. Sobiq vazirani ko’p masalalarda savolga tutsa bo’ladi, ayniqsa tashqi siyosat bobida”.

Respublikachi strateg Vit Ayres fikricha, Obamadan keyin Demokratik partiya Oq uyni saqlab qolishi ehtimoli juda past.

"Bitta partiya prezidentlik saylovida qatorasiga uch marta g’alaba qilishi amri mahol. Buni tarixdan bilamiz”, - deydi u.

So’nggi bor bunday holat 1988-yilda kuzatilgan. O’shanda Ronald Regan sakkiz yillik muddatini yakunlab, o’rniga yana bir respublikachi Jorj Bush kelgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG