Breaking News

Yangi kitobi chiqqan Klinton prezidentlikni ko'zlayaptimi?


AQSh sobiq davlat kotibi Xillari Klinton o’zining “Qiyin qarorlar” nomli yangi kitobini mushtariylarga taqdim etish uchun Amerika va Kanada shaharlari bo’ylab safarda.

Ko’plar buni Klintonning 2016-yilda bo’ladigan prezident saylovlariga tayyorgarligi deya talqin qilmoqda. Ommaviy so’rovlar natijasi aksariyat saylovchilar aynan Klintonni keyingi prezident bo’lishiga umidvor ekanini ko’rsatmoqda. Biroq siyosat simobdek o’zgaruvchan, xulosa qilishga shoshilmang, deydi mutaxassislar.

Xillari Klinton kitobining taqdimotiga bag’ishlangan safardan ko’plab demokratlar sobiq davlat kotibini prezidentlikka da’vo qilishga undash uchun foydalanmoqda. Ammo Klinton bu masaladagi qarorini kelasi yil boshida e’lon qilajagini bildirgan.

Yangi kitobda asosan Klintonning Davlat departamentini boshqargan paytda sodir bo’lgan voqealar haqida gap ketadi.

Ammo Klinton o'z chiqishlarida ichki siyosatga ham ko'p to'xtaladi.

“Farovonlik va mushtarak maqsadlar barchaniki bo’lganidagina, odamlar iqtisod va demokratik jarayonlarda to’la ishtirok eta olganidagina Amerika kuchli va qudratli davlat bo’ladi. Buni hammamiz yaxshi tushunamiz,” - dedi Klinton.

So’rov natijalariga ko’ra, ko’pchilik Xillari Klintonning 2016-yilda prezident etib saylanishi tarafdori.

Jorj Vashington universitetidan siyosatshunos Jon Sayds Klinton so’nggi bir necha o’n yillikdagi eng kuchli nomzod, deydi.

“Aksariyat saylovchilar uni yaxshi taniydi. Demak, u siyosatda imij yaratish haqida o’ylamasa ham bo’ladi. Xillari Klintonning o’zi prezident bo’lish uchun yetarli xohish va irodaga egami? Pirovardida, mana shunisi muhim,” - deydi u.

Klinton ilgari ham bunday vaziyatda bo’lgan. 2008-yilda u demokratlar partiyasidan yetakchi nomzod edi, ammo davomli va murakkab kampaniyada ichkipartiyaviy saylovlarda senator Barak Obamaga yutqazdi. Obama Amerika tarixida prezidentlikka saylangan birinchi qora tanli arbob bo’ldi.

Demokratlar partiyasi strategi Selinda Leyk fikricha, 2016-yilda Klinton uchun asosan ayollar ovoz beradi, chunki ular tarixda yana burilish nuqtasini yasash payti keldi, deydi.

“Aksariyat amerikaliklar avval ayol prezident emas, qora tanli prezidentimiz bo’lsin, degandi. Va shunga erishdi. Endi esa ko’plar ayol prezident bo’lsin, demoqda. Ayniqsa ayollar orasida “Xillari bo’lmasa, kim?” deya savol berayotganlar ko’p,” - deydi Leyk.

Klinton prezidentlikka da’vo qilishga qaror qilsa, 2008-yilgi mag’lubiyatini inobatga olib, saylovoldi kampaniyasiga boshqacha yondashadi, deydi siyosatshunos Jon Sayds.

"Olingan saboqlardan eng muhimi – saylovoldi kampaniyaning eng boshidan barcha imkoniyat va tahdidlardan xabardor bo’lish. 2008-yilgi kampaniyaning boshida Demokratlar partiyasining Ayova shtatida bo’lib o’tgan yig’inida Barak Obama g’alaba qozondi. Bu Klinton uchun kutilmagan voqea bo’ldi. Oqibatda Obama poygani yutib chiqdi,” - deydi u.

Saylovchilar har doim ham eng kuchli nomzodga ovoz beravermaydi. Tarix bunga misol. 1972-yilda Meyn shtatidan senator Edmund Maskining Demokratlar partiyasidan asosiy nomzod sifatida saylanishi kutilayotgan edi. Ammo Janubiy Dakotadan senator Jorj Makgovern kuchli kampaniya olib borib, g’alabani qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldi.

So’ngra u prezidentlikni respublikachi nomzod Richard Niksonga boy berdi. Shunga qaramay, Makgovern strategiyasini boshqa nomzodlar ham qo’llashga harakat qilib keladi. 1976-yilda Jimmi Karter, 1992-yilda Bill Klinton va 2008-yilda Barak Obamaga bu yondashuv g’alaba keltirgan.
Klintonning yangi kitobi - Hillary Clinton's new book
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:23 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG