Klinton Obamani rasman nomzod etib e’lon qildi

  • Amerika Ovozi

5-sentabr kuni Demokratlar partiyasining Shimoliy Karolinadagi syezdida so'zlagan sobiq prezident Bill Klinton Barak Obamani rasman prezidentlikka nomzod etib e’lon qildi, respublikachilarni nishonga oldi.

Millionlab odamlar televideniye orqali tomosha qilgan chiqishida Klinton “agarda mushtarak imkoniyatlar va umumiy farovonlik desangiz, kambag’allarsiz va kelajagi porloq mamlakatda yashayman desangiz, Barak Obama uchun ovoz bering”, dedi.



Respublikachilarni tandiq qilgan Klinton Tampadagi syezdida ular cho’pchak aytdi, dedi. Ikki taraf o’rtasidagi tarang munosabatlarda to’xtalar ekan, u faqat haqiqiy hamkorlik samara beradi, hech kim doim haq yoki nohaq bo’lmaydi, dedi va respublikachilar va demokratlarni hamkorlikka chaqirdi.

Klinton iqtisodiy masalalarda birma-bir to'xtalar ekan, shu bilan birga tibbiy xizmatlar islohotlari, yoshlarning ta'lim olish imkoniyatlari, yangi ish joylarini yaratish kabi masalalarda Barak Obamaning sa'y-harakatlarini maqtadi.

Respublikachilarning qarshiligiga qaramay Obama katta muvaffaqiyatlarga erishganini aytar ekan, Klinton "hech qaysi prezident to'rt yil ichida barcha muammolarni hal eta olmasdi" dedi.

Demokratlar qurultoyida chiqish qilgan boshqa siyosatchilar ham Obama siyosatini himoya qildi. Xususan, Obama avtosanoatda ish joylarini nafaqat saqlab qolgan, balki yangilarini ham yaratganiga urg’u berildi. Keksalar, xotin-qizlar salomatligini ta’minlash, yoshlar uchun qimmat bo’lmagan ta’lim imkoniyatlarini yaratishdagi urinishlari haqida gapirildi.

Ayni vaqtda barcha faollar respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romnini nishonga oldi. Romni asos solgan va bir necha yil davomida boshqargan “Bain Capital” kompaniyasining ishdan bo’shatilgan xodimlari so’zga chiqdi. Ulardan biri Romni iqtisodi uchun odamlar emas, foyda muhim, der ekan, bunga chidash yo’q, dedi.

Mamlakatni 1990-yillarda boshqargan Bill Klintonni amerikaliklar iqtisodiy farovonlikni ta'minlay olgan rahbar deb hisoblaydi. Shu bois uning chiqishidan maqsad hamon kimga ovoz beraman deb ikkilanayotgan saylovchilarni Obama tarafiga og'dirishdir.



  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG