AQSh saylovoldi kampaniyasida libertarianlar, Yashillar partiyasiga ham e'tibor qaratilmoqda

  • Amerika Ovozi

Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Stayn (chapda) va Libertarianlar nomzodi Gari Jonson

Yashillar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jill Stayn (chapda) va Libertarianlar nomzodi Gari Jonson

AQSh saylovchilari orasida na respublikachi Donald Trampni, na demokrat Xillari Klintonni ma’qullashni istovchilar kam emas. Bu esa boshqa partiyalardan prezidentlikka nomzodlarga e’tiborni oshirmoqda.

Ikki asosiy partiyadan hech biriga mansub bo’lmagan prezident 1853-yilda Oq uyni tark etganidan beri shu kunga qadar oliy lavozimga respublikachi yoki demokrat saylanib keladi. Uchinchi partiyalar soni Amerikada ko'p bo'lsa-da, aksariyatiga saylov kuni deyarli hech kim ovoz bermaydi va amerikaliklar ularni hatto tanimaydi. Bunga amaldagi siyosiy tizim sabab, aksariyat yirik ommaviy axborot vositalari ularga e'tibor qaratmaydi.

CNN teledebatlari

Ammo seshanba kuni Libertarianlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Gari Jonson va vitse-prezidentlikka nomzod Bill Veld ikkinchi bor CNN telekompaniyasi uyushtirgan bahsda qatnashdi. Yashillar partiyasi vakili Jill Stayn va uning partiyadan vitse-prezidentlikka nomzodi ko'rsatilgan sherigi Ajamu Baraka 17-avgust kuni shunday imkoniyatga ega bo’ladi.

Jonson va Stayn 2012-yil saylovida uchinchi partiyalardan eng yaxshi natija ko'rsatgan nomzodlar bo’lgan. Biroq asosiy raqiblariga qaraganda ularga ancha kam odam ovoz bergan. Masalan, bundan to’rt yil avval demokrat Barak Obamaga 66 million odam ovoz bergan bo'lsa, uning respublikachi raqibi Mitt Romnini saylov kuni 61 million amerikalik qo'llab-quvvatlagan. Jonson 1,2 million, Stayn esa 500 ming ovoz olgan, xolos.

So’rovlardagi manzara

Ikki asosiy partiyaning 2012-yilgi qurultoylaridan keyin Jonsonni saylovchilarning 4 foizi, Staynni esa 2 foizi qo’llab-quvvatlagan edi. Bu safar ularning tarafdorlari soni ikki baravar ko’proq.

Prezidentlikka asosiy nomzodlar telebahsida qatnashish uchun partiya vakili mamlakat bo'ylab o'tkazilgan besh so'rovda kamida 15 foiz ovoz to'plashi kerak.

“Teledebatda qatnashmay turib saylovda g’alaba qozonishning imkoni yo’q. O’tgan hafta o’tkazilgan so’rov natijasiga ko’ra, amerikacha futbol musobaqasi finaliga qaraganda nomzodlar telebahslarini ko’proq odam tomosha qiladi. Demak, biz g’alaba qozonmoqchi bo’lsak, favqulodda bir holat sodir bo'lishi kerak. Ammo bu yilgi saylovlardan-da kattaroq favqulodda holat bo’lganmi hech mamlakatimizda?” – deydi Jonson.

Xayf bo'lgan ovoz?

Ayrimlar asosiy partiyalar nomzodiga ovoz bermaslik bekor ketgan ovoz desa, Jonsonning sherigi Veld bu xususida boshqacha fikrda:

"Agar biz telebahslarda qatnashsak, albatta, saylovda g’alaba qozonamiz. Lekin ovozingizni xayf qilib, Tramp yoki Klintonni qo'llab-quvvatlamoqchi bo'lsangiz, marhamat”.

Kichik partiya oldida turgan yana bir jiddiy muammo donorlarni jalb etish, chunki saylovoldi kampaniya katta mablag’ talab qiladi.

Jonson "partiyamiz katta mablag’ to’plashga qodir, ayni vaqtda biz mablag’ni tejamkorlik bilan sarflayapmiz. Prezident etib saylanganda ham shunday qilamiz", deydi.

Uchinchi partiyalar siyosiy platformasi

Libertarianlar siyosiy platformasini demokratlar va respublikachilar dasturining qorishmasi deyish mumkin. Ijtimoiy masalalarda ular demokratlar kabi liberal, moliyaviy siyosatda esa respublikachilarga yaqin.

“Hukumat moliyaviy ishlaringizga va shaxsiy hayotingizga aralashmasin, deymiz. Aksariyat amerikaliklar ham shunday fikrda ekanini so’rovlar ko’rsatib turibdi”, - deydi Veld.

Boshqacha tashqi siyosat

Jonson terrorizmga qarshi kurashish kerak, ammo xorijiy davlatlarda tuzumni o’zgartirish kabi ishlar bizning vazifamiz emas, degan fikrda. Unga ko'ra, AQSh tashqi aralashuvi tufayli ayrim mamlakatlarda barqarorlik izdan chiqdi.

Jonsonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar qo’shinlarini Afg’onistondan darhol chiqarishi lozim.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG