Saylov-2012: AQShda prezident poygasi va mulla jiring

  • Amerika Ovozi

Saylovoldi kampaniyasiga millionlab dollar pul sarflanadi... Prezidentlikka respublikachi da'vogarlar, chapdan Ron Pol, Rik Santorum, Mitt Romni va Nyut Gingrich

Saylovoldi kampaniyasiga millionlab dollar pul sarflanadi... Prezidentlikka respublikachi da'vogarlar, chapdan Ron Pol, Rik Santorum, Mitt Romni va Nyut Gingrich

AQShda prezident saylovlari doimo qimmat jarayon bo’lgan, ammo bu yilgi kampaniyada da’vogarlar puldan hech qiynalmapayti. "Super Pak" nomini olgan tashkilotlarga o’zi istagan nomzod uchun cheklanmagan miqdorda moliya jamg’arish va sarflash huquqi berilgan. Bu ikki yil ilgari qabul qilingan qonun natijasi.

Kampaniyaga berilayotgan millionlab dollar pul nimaga sarflanadi? Masalan, siyosiy reklamalarga. Birida Rik Santorum raqibi Mitt Romnini nishonga olmoqda.

Amerikada saylov va uning natijasi pulga borib taqaladi, deya shikoyat qilayotganlar ko’p. Ular yaqinda Oliy sud binosi oldida namoyish qildi.

“Oliy sud xato qaror qabul qilgan”, - deydi qatnashchilar.

Respublikachi nomzod Mitt Romni rafiqasi Enn bilan

Respublikachi nomzod Mitt Romni rafiqasi Enn bilan

Oliy sud qarori shundan iboratki, badavlat fuqarolar, korporatsiyalar va kasaba uyushmalari saylov jarayoni va natijasiga ta’sir qilish uchun cheklanmagan miqdorda pul ajratishi mumkin. Buning oqibatida salbiy reklamalar ko’paydi.

Annabel Park AQSh Qahvachilar partiyasi a’zosi. Konservativ choychilarga qarshi tuzilgan harakat bu.

“Saylovning auksion, kazino yoki qimorbozlikdan farqi qolmadi. Boylar o’ziga ma’qul nomzodni tanlab, pul tikadi. Keyin jarayonni kuzatib o’tirishadi”, - deydi u.

Telereklamalar saylovchi fikrini shakllantirishda effektiv qurol, deydi ekspertlar. Ammo nomzodlar bir-birini badnom qilishni ko'zlagan bunday reklamani ko’pchilik yoqtirmaydi…

“Kulgili emasmi axir. Shuncha salbiy reklama, bir-birini yomonlash… Oxirida hamma yutqazadi”, - deydi fuqaro.

“Afsuski, haqiqat ham bor ularda. Hamma bir-biriga tosh otish bilan band ko’rinadi. Bundan hech kim foyda ko’rmayapti, nazarimda”.

“Ular shu qadar salbiy… O’ziga tuzoq qo’ygandek emasmi bu! Juda achinarli”, - deydi yana bir saylovchi.

Oliy sud qarori oqibatida ko’plab puldor guruhlar, lobbichi tashkilotlar saylov natijasiga ta’sir ko’rsatishga kirishdi, deydi siyosatshunos Jon Fortier.

“Mustaqil taraflardan kelayotgan pul miqdori ancha oshgan. Buni na kampaniya, na siyosiy partiyalar bevosita nazorat qiladi. Demak, javobagrlik ham past”, - deydi u.

Jurnalist Deyvid Draker ta’biricha, AQShda siyosiy kampaniyalar tarixidan xabarbor odam uchun hozirgi jarayonlarning ajablanarli joyi yo’q.

“Siyosatda pul suvga o’xshaydi. Qonunlarni bekor qilsangiz ham, yangilarini qabul qilsangiz ham, pul har tomondan oqib kelaveradi”.

Oliy sud binosi oldida to’planganlar esa qarorni bekor qilishni talab qilmoqda. Yirik biznes, kasaba uyushmalari va boylar saylovoldi kampaniyasiga beradigan pul miqdorini avvalgidek cheklash va nazorat qilish zarur, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG