Nomzodlar politsiya va qora tanli aholini murosaga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Sharlott, Shimoliy Karolinada namoyishlar

Sharlott, Shimoliy Karolinada namoyishlar

Amerikada politsiya yana ikki qora tanli fuqaroni otib o'ldirgani ketidan siyosatchilar sergak tortib qolgan. Ayniqsa, prezidentlikka nomzodlar uchun bu qaltis mavzu.

Ular politsiya yonini olib afro-amerikalik aholini o'zidan sovutishni xohlamaydi. Shu bilan birga, huquq-tartibot idoralarini qoralashni xohlamaydi. Nomzodlar Shimoliy Karolina va Oklaxoma shtatlarida nobud bo'lgan shaxslar oilalariga ta'ziya izhor etish bilan cheklanmoqda.

Respublikachi nomzod Donald Tramp Pensilvaniyada targ'ibot kampaniyasi paytida mamlakatdagi jinoyatchilik va zo'ravonlikni tanqid qildi.

Hatto o'z shaharlarimizni tartibga keltira olmasak, qanday qilib jahonning yetakchi davlati bo'lishimiz mumkin, deya so'raydi Tramp.

Demokrat nomzod Hillari Klinton Floridada fuqarolar bilan ko'rishar ekan, afro-amerikalik ikki fuqaroning o'limi dilimizni xun qildi, dedi. Shu bilan birga, Klinton Nyu-York, Nyu-Jersidagi hujumlar chog'ida politsiyaning ishiga tahsin aytdi.

Klinton vitse-prezidentlikka tanlagan arbob Tim Keyn Nevadada fuqarolarga murojaat qildi.

Politsiya va fuqarolar orasida murosa bo'lishi nihoyatda muhim, deydi u. Hillari Klinton buni juda yaxshi tushunadi. Mana shu murosa yo'lida bor kuchimiz, moliyani sarlashga tayyormiz, dedi Keyn.

Oq uy esa Shimoliy Karolinada davom etayotgan qonli namoyishlarni tanqid qilmoqda.

Qoida-tartibni buzib, qon to'kib g'alayonlar qilishni asoslab bo'lmaydi, deydi Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest. Har qanday namoyish tinch, tartibli o'tsa, uning samarasi va ta'siri ko'proq bo'lishiga ishonchimiz komil, deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG