Mafkuraviy tafovutlar va murosaga undovchi omillar

  • Amerika Ovozi

AQShda saylov davomida respublikachi va demokratlar orasidagi tafovut naqadar chuqur ekani ayon bo’ldi. Lekin Kanadada o’tkazilgan bir tadqiqotga ko’ra, turfa ideologiyaga mansub arboblar orasida ham o’xshash qarashlarni topish qiyin emas. Masalan, adolat va insoniyat uchun qayg’urish masalalarida.

Kanadaning Vinnipeg universiteti professori Jeremi Fraymer so’zlariga ko’ra, liberal va konservativ qarashdagi siyosatchilar ma’naviyat va axloq masalalarida bir-biriga yaqin fikr yuritadi.

Fraymer siyosiy qarashlari turlicha bo’lgan taniqli va qudratli siyosatchilarni o’rgandi. Tadqiqotning 400 nafar ishtirokchisiga dunyoning mashhur siyosatdonlari ro’yxati berildi. Qatnashchilar bu shaxslar ma’naviyatiga qanday baho berasiz, degan savolga javob berishdi.

“Biz “Time” jurnalida chiqqan XX-asrning eng qudratli va salohiyatli shaxslari ro’yxatini oldik. Bu ro’yxatda Gitler ham, Gandi ham bor. Maqsadimiz ularning qarashlari va faoliyati yaxshi yoki yomonligini tekshirish emas, balki bu shaxslarning ma’naviy salohiyati va atrofdagilarga ta’sirini o’rganish edi”, - deydi tadqiqotchi.

Boshqalarga nisbatan adolatli va g’amxo’r sifatida tanilgan siyosatchiga ma’naviy jihatdan yaxshi baho berildi.

“Gandi bo’ladimi, Martin Lyuter Kingmi, ishtirokchlarning barchasi ularni ma’naviy jihatdan komil va g’amxo’r insonlar deb atadi”, - deydi professor.

Tadqiqot paytida odamlardan e’tiborni siyosiy arboblar qarashlaridagi tafovutga emas, balki ular o’z faoliyatida qanchalik adolatli bo’lganiga qaratish so’ralgan. Shunda umumiy jihatlarni aniqlash, demak siyosatdonlar o’rtasida murosaga kelish imkoniyatlarini topish mumkin bo’ladi, deydi Fraymer. Olim nazarida, ayni shu masalada liberallar ham, konservativlar ham yakdil.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG