Prezidentlikka nomzodlar: "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kuchaytirish kerak

  • Amerika Ovozi

Respublikachilardan prezidentlik uchun asosiy da'vogar Donald Tramp

Respublikachilardan prezidentlik uchun asosiy da'vogar Donald Tramp

Respublikachilar orasida prezidentlik uchun kurashayotgan uch nomzod "Islomiy davlat" terrorchi guruhini mag'lub etish lozim degan fikrda yakdil, ammo buni qanday amalga oshirish masalasida farqli qarashlarga ega.

"Biz IShIDni tez va zo'ravonlik yo'li bilan yer yuzidan supirib tashlashimiz kerak. Bundan boshqa yo'q yo'q", - dedi asosiy nomzod Donald Tramp "CNN" telekanali nomzodlar bilan o'tkazgan suhbatda.

Nomzodlardan yana biri, texaslik senator Ted Kruz rejasiga ko'ra, AQSh, dastlab, kuchli havo zarbalarini berib, so'ng kurdlarni qurollantirishi va shu yo'l bilan jangarilarni o'ldirishi kerak.

Maxsus kuchlarni ishga solishimiz kerakmi yoki yo'qmi, degan qarorni shundan so'ng berishimiz kerak, dedi u.

Kruz Obamani jangarilarga qarshi kurashda sustkashlik qilayotganlikda ayblab, uning har qanday holatda ham askar jo'natmaslik haqidagi qarorini qoraladi.

AQSh askarlarining qanday vakolat va huquqqa ega bo'lishi yuzasidan Obama ma'muriyati shu paytgacha Iroq va Afg'oniston hukumatlari bilan ziddiyatga kirishgan edi.

Ogayo gubernatori Jon Keysik esa "Islomiy davlat"ni yakson qilishda Fors ko'rfazi davlatlarini o'z ichiga oluvchi koalitsiya ishini kuchaytirish kerak, degan fikrda. Uning aytishicha, koalitsiya a'zolari havo orqali ham, quqruqlikda ham jangarilarni nishonga olishi lozim.

Keysik AQShda musulmon mahallalarini qo'riqlash haqidagi Ted Kruz taklifini ham tanqid qildi.

"Odamlarni ajratishimiz kerak emas. Bu tahdid to'xtatilishi, yo'q qilinishi kerak deb hisoblaydigan odamlar butun dunyoda bor. Ular bilan birga ishlashimiz kerak", - deydi Keysik.

Trampga ko'ra, AQSh NATO uchun haddan ziyod ko'p mablag' sarflamoqda va bu tashkilot eskirgan. Keysik NATOga boshqa davlatlar ham ko'proq hissa qo'shishi kerak, degan fikrga qo'shiladi, ammo harbiy alyans eskirgan, degan qarashlarni mantiqsizlik deb hisoblaydi.

Nomzodlar partiyadan kim nomzod bo'lishidan qat'i nazar, uni qo'llab-quvvatlashlari haqida avval bergan va'dalaridan qaytayotgan ko'rinadi.

Trump partiya tomonidan adolatsiz munosabatga tutilganini ro'kach qilib, ortiq bu so'zida turmasligini bildirgan bo'lsa, Ted Kruz bu haqdagi savolga aniq javob bermaslikni ma'qul topdi.

Keysik esa bu haqda bir qarorga kelishidan oldin kampaniyasi qanday davom etishini ko'rishi lozimligini ta'kidladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG