Breaking News

Bevafo siyosatchilar va omma fikri


Bevafo siyosatchilar va omma fikri
Bevafo siyosatchilar va omma fikri

AQShda respublikachilar safidan prezidentlikka da’vogar tadbirkor Xerman Keyn jinsiy axloqsizlik va xiyonat kabi ayblovlar bois poygani tark etdi.

Prezident Tomas Jeffersondan tortib, Bill Klintongacha… AQSh siyosatida jinsiy beadablik bilan bog’liq mashmasha azaliy holat.

Xerman Keyn ayblovlarni soxta, deydi. “Shuni deb oilam, rafiqam jabr ko’rdi, ishimga ziyon yetdi” dedi u shanba kuni tarafdorlariga murojaat qilar ekan.

Biznesmen, pitssasi bilan tanilgan restoranning sobiq rahbari sentabr-oktabr oylaridagi so’rovlarda peshqadam edi.

Jon Edvards
Jon Edvards

Bir necha ayol tahqirlanganini aytib, Keynni ayblab chiqqach, obro’si to’kildi. Yaqinda esa Jorjiya shtatidan bir ayol arbob bilan 13 yil ishqiy aloqada bo’lganini da’vo qildi. Jamoatchilikning hafsalasi pir.

“Bu odamning tabiatini bildik. Bunaqangi rahbar kimga kerak?” - deydi fuqarolar.

Kampaniyani tugatsada, Xerman Keyn sukut saqlab yurmoqchi emas. Siyosiy sahnada qolmoqchi.

Vashingtondagi Amerika Universiteti olimi, prezidentlar bo’yicha izlangan tarixchi Allan Lixtman nazarida bu kabi mojarolar siyosatchining kattazangligini ko’rsatadi.

“Oilaviy qadriyatlarni bayroq qilgan nomzod jinsiy axloqsiz ekani ayon bo’lsa, ayniqsa, og’ir. Og’izda bir narsa, amalda esa umuman boshqa. Bu odamlar Amerika xalqi, uning qadr-qimmatini oyoqosti qiladi”, - deydi tarixchi.

2008-yilda demokratlardan prezidentlikka da’vogar Jon Edvards o’z xodimasi bilan don olishib, farzand ko’rgani ayon bo’ldi. Edvardsning siyosiy karyerasi barbod bo’ldi.

1987-yilda davlatni boshqarishni orzu qilgan yana bir demokrat Geri Xart poygadan chiqqan edi. Oilali bu shaxsning yosh model qiz bilan tushgan surati matbuotda paydo bo’lgan edi.

Bu kabi mashmashalar doim ham siyosiy o’lim bilan tugamaydi. Oq Uyda Monika Levinski bilan suykalishib yurganida Bill Klinton prezidentlikning ikkinchi muhlatida edi.

Monika Levinski
Monika Levinski

“Levinski bilan ishqiy aloqada bo’lgan emasman” deya yolg’on gapirganida ham, Vakillar Palatasi uni haydayotganida ham xalq orasida Klintonning reytingi baland edi. Prezidentni lavozimdan bo’shatish masalasi Senatdan o’tmay, Klinton xizmatda qolgan edi.

“Pyu” tadqiqot markazi rasmiysi Maykl Dimokning aytishicha, siyosatdon malakali, oqil bo’lsa, xalq hissiy sarguzashtlarni unutishga moyil.

“Rahbarlik qobiliyatiga, muhim masalalarda pozitsiyasiga e’tibor kattadir. Shaxsiy hayotda rostgo’ylik albatta, ahamiyatli. Lekin hamma uchun ham emas”, - deydi u.

Xerman Keyn chiqib ketgach, endi diqqat boshqa respublikachi nomzod, Vakillar Palatasi sobiq spikeri Nyut Gingrichda. Uch bor uylanib, shovshuv ko’targan bu arbob o’tmishdagi qilmishlari bilan yana yuzlashadimi, yo’qmi, hali noma’lum.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG