Klinton, Tramp ikkilanib turgan shtatlarning ko'nglini ovlayapti

  • Amerika Ovozi

Donald Tramp va Xillari Klinton

Donald Tramp va Xillari Klinton

Kelasi dushanba kungi ilk prezident debatlari oldidan respublikachi va demokrat nomzodlar aholisi bir to'xtamga kelmagan shtatlarda zo'r berib targ'ibot ishlari olib borayapti. Bu shtatlarda har ikki nomzod tarafdorlari soni deyarli teng. Respublikachi Donald Tramp Pensilvaniyada, demokrat Xillari Klintonning qizi Chelsi esa Ogayo, Michigan va Nevadada kampaniyaga zo'r berdi.

Tramp ozchilik guruhlar va ishchi sinf orasida tarafdorlari sonini oshirish harakatida. Ogayo shtati, Toledo shahrida chorshanba kungi chiqishida u Klintonni faqat boylar manfaatlarini himoya qilishda aybladi.

"Bunaqalar sizning ish joyingizni xorijga boy berib o'tiradi. Zavodlaringizni yopib, mulkingizni chet davlatlarga berib qo'yadi. Men Amerikaning prezidenti bo'lganimda sizga g'amxo'rlik qilaman", - deya va'da qildi Tramp.

Britaniyalik siyosatchi Nayjel Farajning aytishicha, Trampning gaplari odamlarga yoqishi bejiz emas.

"Amerikaliklar orasida Vashingtondan hafsalasi pir bo'lgan, katta bizneslardan ko'ngli qolgan fuqarolar bor. Bu qatlam siyosatchilarga ishonmaydi", - deydi u.

Tramp Obama ma'muriyatining muhim yutuqlarini bekor qilmoqchi. Kommunistik Kuba bilan tiklangan rishtalarni uzmoqchi. Kubalik amerikaliklarga bu ma'quldir, biroq qarshilar ham kam emas.

"Amerika va Kuba uchun katta yo'qotish bo'ladi. Shuncha yutuq, olg'a siljishdan keyin... O'tgan yili ikki million amerikalik Kubaga kelib ketdi. Ikki xalq bir-birini qayta taniyapti", - deydi amerikalik mana bu sayyoh.

Iste'fodagi ayrim harbiylar Trampga qarshi chiqmoqda.

"Donald Trampga ishonib bo'lmaydi. Juda xavfli odam. Biz Xillari Klintonni bosh qo'mondon sifatida ko'ramiz", - deydi iste'fodagi admiral Jeymi Barnett.

Demokrat nomzod Klinton shu hafta Florida shtati, Orlando shahrida ozchilik guruhlar ko'nglini ovlashga urindi.

"Jismonan zaif fuqarolarni ishli-joyli qilish uchun astoydil mehnat qilaman", - deya va'da qildi u.

Ikkilanib turgan shtatlar qanday ovoz berishini dushanba kungi debatlar hal qilishi mumkin.

AQSh prezidentlik saylovida qatnasha olganingizda kimga ovoz bergan bo'lardingiz? Hillari Klinton yoki Donald Tramp? Boshqa nomzodlar ham bor, bilasizmi? Muxlislarimiz shu paytgacha kim tomonga og'ayotganini bilmoqchi bo'lsangiz, saytimizga kiring: www.amerikaovozi.com

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG