Breaking News

Saylov-2016: Tramp va Klinton reytinglarda teng ketmoqda


Saylov-2016: Siyosat va biznes
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:08 0:00

Saylov-2016: Siyosat va biznes

Milliarder Donald Tramp prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan da’vogarlar orasida hamon birinchi.

“Washington Post” gazetasi va "ABC" telekanali o’tkazgan so’rovga ko’ra, respublikachilarning 33 foizi uni qo’llab-quvvatlashini aytgan. Iyulda bu raqam 24 foizga teng edi.

Ikkinchi o’rinda - sobiq neyroxirurg Ben Karson. Uning reytingi iyuldan beri 6 foizdan 20 foizgacha ko'tarilgan.

Barcha da’vogarlar chorshanba kuni bo’lib o’tadigan ikkinchi teledebatga tayyorlanmoqda.

Florida shtatining sobiq gubernatori Jeb Bushga so’ralganlarning 9 foizi ovoz berishini aytgan, Texasdan senator Ted Kruz va Floridadan senator Marko Rubioga esa 7 foizdan.

Demokratlar

Hillari Klinton tarafdorlari soni kamaygan, biroq u hamon Vermont shtatidan senator Berni Sandersdan oldinda.

Agar Vitse-prezident Jo Bayden poygaga qo’shilsa, Klinton ahvoli yanada og’irlashishi mumkin. Hozircha so’ralganlarning 42 foizi Klinton uchun ovoz berishini aytgan, Sanders uchun – 24 foiz, Bayden uchun esa - 21 foiz.

Klinton Davlat kotibi lavozimida ishlaganida shaxsiy elektron pochtasi va serveridan foydalangani va bu masala atrofidagi mashmasha sabab uning reytingi ancha pasaydi. Shunga qaramay, so’ralganlarning 49 foizi bu masala saylovga ta’sir qilmasligi kerak, degan.

Klinton va Tramp reytingi deyarli bir darajada. Agar hozir saylov bo'lsa, ikkalasi teng ovoz olishi mumkin.

Ammo so’ralganlarning 63 foizi Tramp xarakteri prezident bo’lishga yaramaydi deb hisoblaydi.

Tramp korporatsiya rahbarlariga qarshimi?

Yakshanba kuni Tramp yirik korporatsiyalar rahbarlarining katta maosh olishini tanqid qildi va "bu vijdondan emas, sharmandalik", deb aytdi.

Odatda bunday tanqidlar demokratlardan chiqadi. Respublikachilar esa doim katta bizneslar va Uoll-Stritni quvvatlab kelgan.

69 yoshli Tramp Nyu-Yorkda osmono’par binolar qurgani va katta boylik orttirgani bilan tez-tez maqtanadi.

Kelasi haftalarda alohida shaxslar hamda kompaniyalarga solinadigan soliqlarni kamaytirishni taklif etish niyatini bildirar ekan, Tramp qimmatbaho qog'ozlar bozorida turli sxemalar orqali pul qilayotgan sarmoyadorlarga soliqlar oshadi deb va’da qildi.

Respublikachi da’vogarlar ikkinchi teledebatda Trampni tibbiy sug’urta, abort va boshqa masalalarda fikrini o’zgartirgani uchun nishonga olmoqchi. Ular fikricha, milliarder partiyaning konservativ platformasidan uzoq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG