So'rov: AQSh prezident saylovida nomzodlarning imkoniyati teng

  • Amerika Ovozi

Gallup tashkiloti o'tkazgan so'rov natijalariga ko'ra, bu yilgi saylovda muvaffaqiyat qozonish amaldagi prezident Barak Obama uchun oson bo'lmaydi.

Gallup tashkiloti o'tkazgan so'rov natijalariga ko'ra, bu yilgi saylovda muvaffaqiyat qozonish amaldagi prezident Barak Obama uchun oson bo'lmaydi.

AQShda o’tkazilgan so’nggi ommaviy so’rov natijalariga ko’ra, prezidentlikka da’vogarlar – amaldagi prezident Barak Obama va uning respublikachi raqibi Mitt Romni noyabrdagi saylovda g’olib bo’lish uchun teng imkoniyatlarga ega.

So’rovlardan bu yilgi saylovda kimning qo’li baland kelishini aniq bilib bo’lmayapti. Masalan, Gallup tashkiloti tomonidan yaqinda o’tkazilgan ana shunday tadbir natijasiga ko’ra, Obama ham, Romni ham 46 foizdan ovoz to’plagan.

So’rovlarda, shuningdek, iqtisodiyot bu yilgi saylovda eng ko’p bahs etiladigan mavzu bo’lishi kutilmoqda.

1980-yillarda Oq Uyda prezident Ronald Reygan mahkamasini boshqargan Ken Dubersteynning aytishicha, Obamaning qayta saylanishi iqtisodiyotning qay darajada yaxshilanishiga bog’liq.

“Amaldagi prezident doim ustunlikka ega bo’ladi. Lekin Obama uchun vaziyat qiyinroq, chunki iqtisodiyotning ahvoli yaxshi emas. Amerikaliklar deyarli doim ekonomikaga qarab ovoz beradi. Agar men Obama jamoasida bo’lganimda, keyingi yetti oy ichida iqtisodiy o’sishni kutib yashagan bo’lardim”, deydi u.

Prezidentlikka respublikachilar nomzodi - Mitt Romni

Prezidentlikka respublikachilar nomzodi - Mitt Romni

Aholining iqtisodiyotdan ko’ngli to’lmayotganini demokratlar yaxshi biladi. Obama saylov kampaniyasining muhim strategiyalardan biri jarayonni uch yillik prezidentlik faoliyatini hisob-kitob qiladigan referendumga aylantirmaslik. Aksincha, unga ko’ra, saylov Obama va Romni taklif qilayotgan ikki xil siyosatdan birini tanlash imkoni sifatida ko’rilishi kerak.

Siyosiy tahlilchi Rodes Kuk fikricha, nomzodlarning hukumat hajmi va ta’sir doirasi yuzasidan farqli qarashlari bu yilgi saylov bahslarida markaziy o’rin egallaydi.

“Oxirgi bir-ikki saylovda bo’lgani kabi bu safar ham odamlar aniq ikki yo’ldan birini tanlash imkoniga ega bo’ladi. “Oq Uyga kim saylansa farqi yo’q” kabi holat emas hozir. “Hukumat qanday bo’lishi kerak” degan tushuncha nuqtai nazaridan har ikki nomzod orasida katta farq bor”, deydi u.

Romni asosiy e’tiborni prezident Obamaning uch yillik iqtisodiy ko’rsatkichlariga qaratmoqchi. Respublikachilar bu jabhadagi muammolarni Obama siyosati bilan bog’lab, unga qarshi Romnini muvaffaqiyatli tadbirkor sifatida ko’rsatishga urinishyapti.

Obama tarafdorlari esa so’nggi paytlarda xalq xo’jaligida ro’y berayotgan ijobiy o’zgarishlarni amaldagi hukumat olib borayotgan siyosat bilan bog’lashadi. Ularga ko’ra, Romnining saylanishi mamlakat iqtisodiyotini bo’hronga boshlagan respublikachilar siyosatining yana hukumatga qaytishi, demakdir.

Gallup ommaviy so’rovini o’tkazgan Frenk Nyuport fikricha, saylovda g’olib bo’lish uchun har ikki nomzodda imkoniyatlar deyarli teng. Uning aytishicha, Obama Romniga qaraganda biroz ustunlikka ega, ammo Obamaning ekonomikani boshqara olish qobiliyatiga shubha bilan qarovchilar ham ko’p.

“Obama odamlar bilan aloqa qilishga usta. Muomalasi yumshoq. Mitt Romni esa sovuqroq, rejali odamdek ko’rinadi. Biroq Romni tarafdorlari bu xusisiyatni ijobiy xislat sifatida ko’rsatmoqchi. Ya’ni u yumshoq tabiatli, iliq do’st bo’lmasligi mumkin, ammo hukumat ishining mohir boshqaruvchisi demoqchi ular. Ular shu yo’l bilan Romnini iqtisodiyotni boshqara oladigan odam qilib ko’rsatishmoqchi”, deydi Nyuport.

To’rt yil avval Obama respublikachi raqibi Jon MakKeynni sezilarli ustunlik bilan dog’da qoldirgan edi. Bu yilgi saylov esa 2000 va 2004-yillarda bo’lgani kabi teng kuchlar ostida o’tishi kutilmoqda. Tahlilchilar fikriga ko’ra, kimning prezident bo’lishi 10 dan ortiq shtatda teng kuchlar ostida kechadigan kurash natijasiga bog’liq.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG