Amerikada har olti odamdan biri qashshoq

  • Amerika Ovozi

Ishsizlik yo’qsillik va uysizlikka yetaklovchi asosiy omil

Ishsizlik yo’qsillik va uysizlikka yetaklovchi asosiy omil

Statistika ma’lumotiga ko’ra, Amerikada o’tgan yili yo’qsillar safiga 2,6 million kishi qo’shilgan, ya'ni 46 million amerikalik kambag’al.

Oxirgi yarim asrda eng katta raqam. Iqtisodiyot yaxshilanmasa, boshpanasidan ayrilgan oilalar soni osmonga sapchisa, ajabmas.

Kam pul topayotgan, ishsiz yurgan amerikaliklar soni oshgani sari Maykl Ferrellning yumushi bir dunyo.

Uysizlarni qo’llab-quvvatlovchi tashkilot rahbari qo’l qovushtirib o’tiradiganlardan emas. Tinib-tinchimas Ferrell bechorahol oilalarning shijoatli himoyachisi.

300 milliondan oshiq aholiga ega Amerikada har olti fuqarodan biri qashshoq.

“Yaqin kelajakda iqtisodiy o’sish jonlanmasa, holimiz voy”, - deydi Ferrell.

Amerikada har olti odamdan biri qashshoq

Amerikada har olti odamdan biri qashshoq

Maykl Ferrellning tashkilotiga ham osonmas. Moliyaviy jihatdan qiynalib, to’qqiz xodimini ishdan bo’shatdi. Shunday bo’lsa-da, ko’chada qolgan odamlarni tashlab qo’ymadi.

Tamara Golden olti yillik turmushi buzilib, uch farzandi bilan yolg’iz qolgan. Xayolidan nimalar o’tmadi!

“Odam izza bo’ladi. O’ziga bo’lgan hurmati yo’qoladi. Odammanmi, deb o’ylab qolasiz. Millat va madaniyatdan qat’iy nazar, ota-ona farzandiga “ovqat yo’q, bugun och uxlaysan” deyishni xohlamaydi”, - deydi ona.

Uysizlar Koalitsiyasi nomli tashkilot xodimasi Sofiya Saybertning aytishicha, bunday oilalar bugun ko’p uchraydi.

“Uyidan ayrilib, ko’chada qolgan odamlar bor. Boshqa boradigan yeri bo’lmagandan keyin bizga keladi”, - deydi mutaxassis.

Uysizlar Koalitsiyasi chorasiz qolgan Tamara Golden va uning uch farzandiga vaqtincha boshpana berib, tibbiy va ta’limiy yordam ko’rsatdi. Ijtimoiy himoya bilan shug’ullanuvchi bu kabi tashkilotlar, muhimi, odamga umid bag’ishlaydi.

“Ko’za kundamas, kunida sinadi. Hamma yo’qsillikka uchrashi mumkin. O’zimning boshimga tushsa, qanday yordam kutardim? Shuni o’ylab, boshqalarga muomala qilaman”, - deydi Sofiya Saybert.

Muhtoj odam ertaga nima qilaman, deb vahimada yashaydi. Lekin Tamaraning turmushi sal yaxshilanganday. O’qishga qaytmoqchi.

Amerikada har olti odamdan biri qashshoq

Amerikada har olti odamdan biri qashshoq

“Yangi uyga ko’chmoqchiman. O’zimning xonadonimda yashab, turmush tebrataman”, - deydi ayol.

Ishsizlik ko’lami keng bo’lsa-da, Vashingtonda boshpanasiz odamlar soni bundan 10 yil oldingiga qaraganda kamroq. Uysizlar Koalitisiyasi raisi Maykl Ferrel “bizga hojat qolmagan kun boshim osmonga yetgan bo’lar edi” deydi.

“Ko’nglimni cho’ktirmayman. Chunki bunaqa kasbda qolish uchun odam doim optimist bo’lishi kerak”, - deydi u.

Ishsizlik yo’qsillik va uysizlikka yetaklovchi asosiy omil. Qo’shma Shtatlarda 14 million fuqaro kasb-joysiz. Lekin ish qidirishdan charchagan yoki qo’shimchasidan qidirib yurgan odamlarni ham hisoblasa, Amerikada 25 million fuqaro ishsiz ekanini aytish mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG